AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Kanadaning AQSh bilan birlashishi haqidagi taklifini takrorladi. «Agar Kanada AQSh bilan birlashsa, hech qanday tariflar bo‘lmaydi, soliqlar sezilarli darajada kamayadi va ular doimo o‘zlarini o‘rab turgan Rossiya va Xitoy kemalari tahdididan butunlay himoyalangan bo‘ladi. Birgalikda bu qanday buyuk davlat bo‘lar edi» – deb yozdi Oq uyning bo‘lajak rahbari 6 yanvar, dushanba kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Shu tariqa, Tramp bir necha soat avval e’lon qilingan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning iste’foga chiqishi haqidagi xabarga javob qaytardi. «Kanadada ko‘p odamlar 51-shtat bo‘lishni yaxshi ko‘radi. Qo‘shma Shtatlar Kanadaning o‘zini saqlab qolishi uchun zarur bo‘lgan yirik savdo kamomadi va subsidiyalarga endi toqat qila olmaydi. Jastin Tryudo buni bilib, iste’foga chiqdi», — deyiladi uning xabarida.
Trampning partiyadoshlari Grenlandiya bo‘yicha g‘oyaga shubha bilan qarayapti
Respublikachilar partiyasidan senatorlar va Vakillar palatasi a’zolari AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning Daniyaga tegishli Grenlandiya va Panama Respublikasi yurisdiksiyasi ostidagi Panama kanalini o‘z nazoratiga olish istagi haqidagi bayonotlariga shubha bilan munosabatda bo‘lishdi. Bu haqda 5 yanvar kuni Amerikaning The Hill nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp 2021 yilda Oq uyni tark etganidan beri bu g‘oyalar Vashingtonda jiddiy muhokama qilinmagan.
Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasining sobiq raisi Maykl Makkol (Texas shtatidan respublikachi) qonun chiqaruvchilar Tramp o‘z prezidentligining boshidayoq Kapitoliy tepaligida xavotir uyg‘otayotgan yirik tashqi siyosiy tashabbuslarni e’lon qilishiga tayyor bo‘lishlari kerakligini aytdi.
Bir qator respublikachi qonun chiqaruvchilar Trampning so‘zlarini kelajakda diplomatiyani mustahkamlashi mumkin bo‘lgan «muzokara» pozitsiyasi sifatida ko‘rishlarini aytishdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10817 | Инструменты