AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonda uchrashishdi. Bu uchrashuv Oq uydagi Oval kabinetda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv boshida ular foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolamoqchi ekanliklarini xabar qilishdi. Tramp jurnalistlarga bu hujjat «AQShning katta majburiyati» bo‘lishini aytdi. «Va biz nodir yerosti metallarining bir qismini olish uchun qazish, qazish, qazish va ishlashni boshlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdamiz», — dedi Tramp. Zelenskiy, o‘z navbatida, «bu hujjat Ukraina uchun oldinga qadam bo‘lishi»ga umid bildirdi.
Uchrashuvda Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «qotil va terrorchi» deb atadi va Trampga «qotil bilan murosa bo‘lmasligi kerak»ligini aytdi. Zelenskiy Trampga ukrainalik harbiylarning Rossiya asirligidan qaytganidan keyin chop etilgan suratlarini ko‘rsatdi.
Zelenskiy uchrashuvda Ukrainaga «o‘t ochishni to‘xtatish»ning o‘zi yetarli emasligi, chunki «Putin uni 25 marta buzgani»ni bildirdi. Bunga javoban Tramp tomonlar tinchlik kelishuviga erishsa, urush tugashini aytdi. «Rossiya [urushga] qaytishni istamaydi, hech kim qaytishni istamaydi», — dedi Tramp. Shuningdek, u Vashington Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha «bitim parametrlarini ishlab chiqishni boshlagani»ni qo‘shimcha qildi.
45 daqiqa davom etgan uchrashuv yakunida Zelenskiy, Tramp va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens o‘rtasida dahanaki janjal kelib chiqdi. Uchrashuv videosiga ko‘ra, Vens Zelenskiyni Ukraina prezidenti AQSh va Trampga hurmatsizlik qilayotganlikda ayblagan. «Janob prezident, hurmat bilan. Menimcha, Oval kabinetga kelib, Amerika nashrlari qarshisida so‘roq qilmoqchi bo‘lganingiz hurmatsizlikdir», — dedi AQSh vitse-prezidenti.
Zelenskiy e’tiroz bildirmoqchi bo‘lganida, Tramp shunday dedi: «Sizning holatingiz yaxshi emas. Hozir sizlarda kuzir yo‘q... Siz millionlab odamlarning hayoti bilan o‘ynashyapsiz... Siz uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashyapsiz», — degan Tramp.
«Siz mamlakatimizga hurmatsizlik qilyapsiz», — dedi Tramp Zelenskiyga. AQSh prezidenti Zelenskiyning «Amerika nimani his qilishini aytish»ga haqqi yo‘qligini ta’kidladi. «Siz urush boshlanganidan beri noqulay sharoitdasiz», — dedi AQSh prezidenti. «Minnatdor bo‘lishingiz kerak. Odamlar o‘lmoqda, sizlarda harbiylar yetishmayapti. Men o‘t ochishni to‘xtatishni xohlayman yoki xohlamayman, deb ayta olmaysiz», — deb qo‘shimcha qilgan Tramp.
Bahs davomida Tramp Ukraina Rossiya-Ukraina urushini hal qilishga rozi bo‘lishi kerakligini aytdi. «AQShsiz ham kuch pozitsiyasidan harakat qila olasizmi? Odamlaringiz dovyurak. Yoki biz bu kelishuvni amalga oshiramiz. Yoki siz kelishuvdan chiqasiz. Og‘ir bo‘lishini, qiyin bo‘lishini tushunaman. Lekin qo‘lingizda kuzir yo‘q. Biz kelishuvni imzolaganimizda, siz eng yaxshi holatda bo‘lasiz. Lekin minnatdorchilik bildirish kerak. Siz esa bunday qilmayapsiz. Bu unchalik yaxshi emas. Bu siz tomondan unchalik yaxshi emas», — dedi Tramp Zelenskiyga.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30114 | Инструменты