AQSh davlat kotibi Marko Rubio Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan bahs uchun uzr so‘rashni talab qildi. U bu haqda CNN'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Rubioning fikriga ko‘ra, Zelenskiy «bu vaziyatni o‘z uchun fojia holatiga aylantirgani uchun» kechirim so‘rashi kerak.
«U [Tramp bilan uchrashuvga] borib, qarama-qarshilik keltirib chiqarmasligi kerak edi», — dedi davlat kotibi.
Shuningdek, Rubio Zelenskiy aslida tinchlik bitimini istamasligi mumkinligini ta’kidladi.
«U shunday deyapti, lekin ehtimol, bu haqiqat emas», — dedi AQSh davlat kotibi.
Zelenskiy 28 fevral kuni nodir yer metallariga oid kelishuvni imzolash uchun AQShga kelgan edi. Biroq, uning Donald Tramp va AQSh vitse-prezidenti Jey Vens bilan uchrashuvi davomida bahs yuzaga keldi. Natijada, Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi va kelishuv imzolanmadi. Germaniya va Yevropa Zelenskiyning Oq uyda qabul qilinishidan hayratda qolganini ma'lum qildi.
«Ukraina — Yevropa! Biz Ukraina yonidamiz. Biz Ukrainani bosqinchiga qarshilik ko‘rsatishda davom etishi uchun qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiramiz. Bugun erkin dunyoga yangi yetakchi kerakligi ma’lum bo‘ldi. Biz, yevropaliklar, bu chaqiriqni qabul qilishimiz kerak», deb yozdi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar yakunlangach, ikki prezident o‘rtasida bahs kelib chiqqanidan keyin Italiya bosh vaziri AQSh ishtirokida shoshilinch Yevropa Ittifoqi sammitini chaqirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30117 | Инструменты