Huawei 1
«Kurdiston ishchilar partiyasi» Turkiya bilan oʻt ochishni toʻxtatishga rozi

«Kurdiston ishchilar partiyasi» (RPK) ijroiya qo‘mitasi o‘z yetakchisi Abdulla O‘jalonning chaqirig‘idan so‘ng Turkiya bilan o‘t ochishni to‘xtatishini e’lon qildi. RPK Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Qamoqda saqlanayotgan O‘jalon kecha, 28 fevral kuni, tarafdorlarini qurolni tashlashga va RPKni tarqatib yuborishga chaqirgan edi.

Turkiyaning AHaber telekanali keltirgan RPK bayonotida: «Biz bu chaqiriq mazmuni bilan hozirgi shaklda rozimiz va uni bajarishga tayyormiz. Bugundan boshlab o‘t ochishni to‘xtatamiz», — deyilgan. Shuningdek, RPK o‘zini tarqatib yuborish uchun syezd chaqirishga tayyorligini bildirgan.

Abdulla O‘jalon 1978 yilda RPKni asos solgan bo‘lib, kurdlar uchun etnik vatan barpo etishni maqsad qilgan. Keyinchalik, partiya kurdlarning huquqlarini kengaytirish va Turkiyaning janubi-sharqida katta avtonomiya talab qilishga intilgan. RPK bilan kurash natijasida 40 mingga yaqin inson halok bo‘lgan. O‘jalon 1999 yildan buyon qamoqda. Dastlab u o‘lim jazosiga hukm qilingan, ammo keyinchalik jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirilgan.

Turkiya hukumatining kutishicha, Abdulla O‘jalonning bu chaqirig‘idan so‘ng RPK harbiy qo‘mondonlari o‘z tuzilmalarini tarqatib yuborish haqida e’lon qilishlari kerak.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30117 | Инструменты