Ayirboshlash doirasida Kiyev va Moskva bir-biriga 175 mahbusni berdi. Bundan tashqari, 22 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi Rossiya asirligidan qaytgan.
Rossiya va Ukraina harbiy asirlarni almashtirib, 175 kishini bir-biriga topshirdi. Bu haqda 19-mart, chorshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bundan tashqari, og‘ir yaralangan Ukraina Qurolli kuchlarining shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan 22 nafar harbiy xizmatchisi Kiyevga yetkazilgan. Bir kun avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oq uy rahbari Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Moskvaning “yaxshi niyat ishorasi” doirasida 23 nafar yarador ukrainalik askar Ukrainaga yuborilishiga va’da bergan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi rossiyalik harbiy xizmatchilar Belarusda ekanligiga aniqlik kiritdi.
Keyinchalik Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy almashinuvni tasdiqlab, uni keng ko'lamli urush paytida "eng kattalaridan biri" deb atadi. Uning ta'kidlashicha, uyga qaytgan ukrainaliklar orasida "og'ir yaralanganlar va Rossiya uydirma jinoyatlar uchun ta'qib qilgan askarlar" bor. “Hammaga zudlik bilan zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi”, — dedi Zelenskiy.
Ukraina va Rossiya tomoni maʼlumotlariga koʻra, almashinuv Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida amalga oshirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50911 | Инструменты