Xitoy hukumatiga aloqador hakerlar AQSh Moliya vazirligining iqtisodiy va savdo sanksiyalarini rejalashtiruvchi va qo‘llovchi bir qancha bo‘linmalarining kompyuter tizimlarini buzib kirishdi. Bu haqda 1 yanvar, chorshanba kuni amerikalik rasmiylarga tayanib, The Washington Post nashri xabar berdi.
Ularga ko‘ra, Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) va Moliyaviy tadqiqotlar boshqarmasi (OFR) serverlari zarar ko‘rgan. Bundan tashqari, hakerlar AQSh moliya vaziri Janet Yyellenning ofisini buzib kirishga uringan. Shu hafta boshida AQSh Moliya vazirligi Kongressga yo‘llagan maktubida hakerlar maxfiy bo‘lmagan hujjatlarni o‘g‘irlagani, shuningdek, kiberxavfsizlik bo‘yicha xizmatlar taqdim etuvchi BeyondTrust'ni buzib kirishganini xabar berdi.
Nashrning yozishicha, XXR hukumati uchun qiziqish doirasi AQSh rasmiylari moliyaviy sanksiyalar qo‘llashi mumkin bo‘lgan Xitoy tashkilotlaridir. Dekabr oyida Janet Yyellen AQSh Rossiyaning neft daromadlarini va chet eldan ta’minot olish imkoniyatini qisqartirishga intilayotgani sababli Vashington Xitoy banklariga qarshi sanksiyalar qo‘llashni istisno etmasligini aytgan edi.
AQSh Moliya vazirligi The Washington Post xabariga izoh bermadi. O‘z navbatida, Xitoyning Qo‘shma Shtatlardagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy gazeta xabarini «mantiqsiz», «asossiz» va Pekinga «tuhmat» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy «kiberhujumlarning barcha shakllariga qarshi kurashmoqda».
AQSh Moliya vazirligi XXRdan kiberhujum haqida xabar berdi
AQSh Moliya vazirligi Kongressdagi qonun chiqaruvchilarga hakerlardan biri, aftidan, Xitoy manfaatlaridan kelib chiqib, departamentning bir qator onlayn platformalari va hujjatlariga masofadan kirish imkonini beruvchi xavfsizlik kalitini qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qildi. Bu haqda 30 dekabr kuni Reuters, AFP va The New York Times xabar berdi.
Vazirlik 8 dekabr kuni BeyondTrust dasturiy ta’minot ishlab chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi uchinchi kompaniya tomonidan kiberhujum sodir etilgani haqida ogohlantirilgan.
AQSh Moliya vazirligi buzg‘unchilik ta’sirini aniqlash uchun Federal tergovlar byurosi (FTB), razvedka hamjamiyati va boshqalar bilan ishlamoqda. Belgilangan tuzilma oflayn rejimga o‘tkazildi, hakerlar hali ham unga kirish huquqiga ega ekanligi haqida hech qanday dalil yo‘q, deya ma’lum qildi vazirlik.
Hujjatlar sirli emas, ammo gap «AT xavfsizligi sohasidagi jiddiy voqea» haqida ketyapti, deya xabar berdi Vashington.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10516 | Инструменты