Huawei 1
Xitoyda miyaga zarar yetkazuvchi yangi virus aniqlandi

Pekin mikrobiologiya va epidemiologiya instituti olimlari kanalar orqali tarqaladigan va asab tizimiga zarar yetkazuvchi yangi virusni aniqladi. Tadqiqot natijalari The New England Journal of Medicine ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Yangi aniqlangan patogen suv-botqoq virusi yoki WELV deb nomlangan. U dastlab Xitoy shimolidagi Ichki Mo‘g‘uliston parkida kana chaqqan 61 yoshli erkakda aniqlangan. Bemorda isitma, bosh og‘rig‘i va qayd qilish alomatlari kuzatilgan. Antibiotiklar kasallik belgilarini yengillashtirmagan, bu esa infeksiyani bakteriyalar keltirib chiqarmaganini bildiradi.

Erkakning qonidagi DNK va RNK tahlilida ilgari kuzatilmagan ortonairovirus aniqlangan. Bunday viruslarga kanalar orqali tarqaladigan bir qator patogenlar kiradi. Ular orasida Qrim-Kongo gemorragik isitmasi virusi ham bor. 

Ilgari WELV virusi na hayvonlarda, na odamlarda kuzatilgan. Bemorning qonida aniqlangandan so‘ng, tadqiqotchilar 14,6 mingga yaqin kanani yig‘ib, ularni joylashuvi va turiga ko‘ra guruhlarga ajratib tahlil qilgan. Bu guruhlarning taxminan 2 foizi WELV genetik materialiga ijobiy natija ko‘rsatgan.

Besh turdagi kana virusni yuqtira oladi, biroq ko‘pincha WELV tashuvchilari Haemaphysalis concinna (iksod kanalarining bir turi) bo‘lib chiqdi. Shuningdek, virus tadqiqotchilar o‘rgangan qo‘y, ot va cho‘chqalarning oz qismida ham aniqlangan.

Kasallik alomatlari

Yangi infeksiya bilan kasallangan bemorlarda isitma, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik va bel og‘rig‘i, shuningdek, ko‘ngil aynish, qayd qilish va ich ketishi kabi umumiy alomatlar kuzatilgan. Laboratoriya tahlillari natijalari ko‘plab bemorlarda to‘qimalarning zararlanishi va qon ivishining belgilarini ko‘rsatgan.

E’tiborli jihati shundaki, WELV bilan kasallangan bir bemor hushidan ketib, komaga tushgan. Bu bemorning miya va orqa miyani o‘rab turuvchi suyuqligida leykotsitlar miqdori yuqori bo‘lgan, bu esa infeksiya borligini ko‘rsatuvchi belgi hisoblanadi.

Olimlar WELV bilan kasallangan barcha odamlar bir-ikki hafta ichida sog‘ayib ketganini aytmoqda. Biroq, laboratoriya sichqonlarida o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatganki, WELV miya va boshqa a’zolarni zararlab, o‘limga olib kelishi mumkin.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92104 | Инструменты