Huawei 1
Xitoyda o‘g‘irlangan iPhone‘lar binosi topildi

Xitoyda o‘g‘irlangan iPhone‘larni sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar joylashgan 40 qavatli osmono‘par bino aniqlandi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Nashrning surishtiruvi natijasida aniqlanishicha, turli mamlakatlarda o‘g‘irlangan Apple smartfonlari oxir-oqibat Xitoydagi aynan shu binoga borib tushadi. “Dunyoning o‘g‘irlangan iPhone markazi” degan nomni olgan bino Feiyang Times deb ataladi. U Shenchjendagi Xuasyanbey tumanida joylashgan bo‘lib, “Financial Times”ning yozishicha, aynan shu yerda o‘g‘irlangan Apple texnikalarini butun dunyo bo‘ylab yetkazib berishning muhim markazi joylashgan.

Nashr londonlik tadbirkor Sem Amrani misolini keltiradi. U sayr qilib yurgan vaqtida ikki jinoyatchi uning qo‘lidan iPhone 15 Pro telefonini elektrovelosepedda o‘tirgancha yulqib olgan. U “Lokator” (Find My) funksiyasi yordamida o‘z smartfonining atigi qisqa vaqt ichida bosib o‘tgan deyarli 10 ming kilometrli yo‘lini kuzata olgan.

Ilovaning ko‘rsatishicha, telefon o‘g‘irlanganidan ko‘p o‘tmay Londonning yashirin telefon taʼmirlash ustaxonalaridan biriga tushgan. So‘ngra smartfon London bo‘ylab bir nechta manzillarda bo‘lgan va oradan bir hafta o‘tib u Gonkongda paydo bo‘lgan. U yerdan esa tez orada Shenchjenga yetkazilgan. Nihoyat, telefon Feiyang Times binosida “sayohatini” yakunlagan.

Bunday telefonlar “toza” qurilmalarga qaraganda kamroq qiymatga ega bo‘lsa-da, hatto bloklangan smartfonlarga ham doimo xaridorlar topiladi – kimdir ularning ehtiyot qismlarini sotib oladi. Shu bilan birga, Amerikaning va Yevropaning telefon sotuvchilari bu qurilmalar u yerga qanday tushganini bilmasliklarini aytadi.

“Financial Times” maʼlumotiga ko‘ra, Londonda har yili o‘g‘irlangan telefonlar “qora bozori”ning aylanmasi 65,5 million dollarni tashkil qiladi. Parij va Nyu-Yorkda ham bu jinoyat sanoati xuddi shunday ko‘lamga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52510 | Инструменты