Yaponiyada G7 sammiti boshlandi

Yaponiyaning Xirosima shahrida “Katta yettilik” yetakchilarining sammiti boshlandi. Ishtirokchilar 1945-yilning avgustida shu shaharda atom bombasi portlashi oqibatida halok bo’lganlar xotirasini hurmat qilish uchun Xirosima memorial bog’iga tashrif buyurishdi.

G7 yetakchilarining uchrashuvi uchun Xirosima shahrining tanlanishi ramziy ma’noga ega va bu sammitning tinchlikparvarlik mavzusida borishini anglatadi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ko'p vaqt o'tmay ochilgan Bavariyadagi so'nggi sammitda ushbu urush mavzusi ustunlik qilgan edi. Endi, bir yil o'tib, Ukrainani Rossiya harbiy agressiyasiga qarshi turishda qo'llab-quvvatlash mavzusi eng muhim mavzulardan biri bo'lib qolmoqda.

G7 yetakchilari Xirosimadagi sammitini Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorligiga javoban unga  yangi sanksiyalar joriy etish va’dalari bilan boshlashadi.

Sanksiyalar nafaqat Rossiyada, balki Yevropa, Yaqin Sharq hamda Osiyoda ham jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi qo’llanilishi kutilmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Rossiya olmoslari savdosini cheklash istagini bildirmoqda.

Sammit oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yevropa Kengashi rahbari Charlz Mishelning aytishicha, maqsad Moskvani iqtisodiy jihatdan yanada yakkalatib qo‘yish va urush olib borish qobiliyatini zaiflashtirish hisoblanadi.

"Endi biz bo’shliqlarni yopish va Rossiyani muhim yetkazib berishdan uzishga e’tibor qaratmoqdamiz. Biz Rossiya olmoslari savdosini cheklaymiz. Rossiya olmoslari abadiy qolmaydi va biz bu sanksiyalar nima uchun zarur hamda asosli ekanligini ochiq tushuntiramiz", - dedi Mishel.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121018 | Инструменты