Yevroosiyo taraqqiyot banki Qozog‘iston nazoratiga o‘tishi mumkin - Bloomberg
Rossiya oltita MDH davlatlari tomonidan tashkil etilgan Yevroosiyo taraqqiyot bankidagi asosiy ulushidan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bundan asosiy maqsad - bankni sanksiyalardan himoya qilish, deya xabar qildi Bloomberg nashri.
Rossiya bilan bojxona ittifoqining bir qismi bo'lgan Qozog'iston, agar kelishuv amalga oshsa, bankning nazorat qiluvchi aksiyadori bo'lib qolishi mumkin. Hozirda Qozog‘iston Yevroosiyo taraqqiyot bankidagi 32,99 foiz ulushga ega, Belarus 1 foizga yaqin, qolgan qismi esa Tojikiston, Armaniston va Qirg‘izistonga tegishli.
Eslatib oʻtamiz, Yevroosiyo taraqqiyot banki 2006-yil 12-yanvardagi davlatlararo shartnoma asosida tashkil etilgan. YETB aʼzolari Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikistondir. Bank aʼzo davlatlarning iqtisodiy oʻsishiga koʻmaklashish, ular oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiya loyihalari orqali Yevroosiyo makonida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Ustav kapitali 7 mlrd dollarni tashkil etadi.
2022-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, YETBning joriy investitsiya portfeli 4,17 milliard dollarni tashkil etadi va bankning barcha a’zo davlatlaridagi 76 ta loyihani o‘z ichiga oladi. YETB investitsiya portfelining 48,8 foizi Rossiya, 36,9 foizi Qozog‘iston, 7,7 foizi Belarus hissasiga to‘g‘ri keladi.
YETB portfelidagi asosiy ulush transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalarida integratsiya effektiga ega bo‘lgan loyihalarga to‘g‘ri keladi.
YETB shtab-kvartirasi Olmaota shahrida joylashgan, Sankt-Peterburgda filiali, Nur-Sulton, Bishkek, Dushanbe, Yerevan, Minsk va Moskvada vakolatxonalari mavjud.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51200 | Инструменты