2024-yilda Yevropa Ittifoqida bandlik darajasi 2009-yildan beri olib borilgan statistik kuzatuvlardagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda 15-aprel, seshanba kuni Lyuksemburgdagi Yevropa statistik agentligi — Eurostat xabar berdi.
2024-yilda 20 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan YeI aholisi orasida 75,8 foizi, ya’ni 197,6 million kishi ish bilan ta’minlangan. Bandlik darajasi 2023-yilga nisbatan 0,5 foiz bandga, 2022-yilga nisbatan esa 1,2 foiz bandga oshgan.
Eng yuqori bandlik darajasi quyidagi davlatlarda qayd etildi:
• Niderlandiya – 83,5%
• Malta – 83,0%
• Chexiya – 82,3%
Eng past ko‘rsatkichlar:
• Italiya – 67,1%
• Gretsiya – 69,3%
• Ruminiya – 69,5%
Yevropa komissiyasi, Yevropa parlamenti va Yevropa kengashi 2017-yilda 2030-yilgacha 20–64 yoshdagi aholi orasida bandlik darajasini 78% ga yetkazishni maqsad qilgan edi. Eurostat'ga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2017-yildagi 70,9% dan 2024-yilda 75,8% ga yetib, reja sari barqaror yaqinlashmoqda.
Gender tafovuti 10 foiz bandni tashkil etdi:
• Erkaklar bandligi: 80,8%
• Ayollar bandligi: 70,8%
O‘rtacha gender tafovutidan yuqori tafovut quyidagi davlatlarda kuzatildi: Gretsiya, Italiya, Malta, Polsha, Ruminiya va Chexiya. Eng katta tafovut Gretsiyada (18,8 foiz band) va Italiyada (19,3 foiz band) qayd etilgan. Bu davlatlarda ayollarning kamida 60 foizi, erkaklarning esa 75 foizidan ortig‘i band bo‘lgan.
Eng kichik gender tafovuti quyidagi davlatlarda kuzatildi:
• Boltiqbo‘yi mamlakatlari – 3 foiz band yoki undan kam
• Finlyandiya – 0,7 foiz band (amalda gender tafovuti yo‘q)
2024-yilda YeI mamlakatlarida yuqori ma’lumotga ega bo‘lgan, ammo unchalik malaka talab qilmaydigan ishda ishlayotganlar ulushi 21,3% ni tashkil etdi:
• Erkaklar orasida: 20,5%
• Ayollar orasida: 22,0%
Eng yuqori ortiqcha malaka darajasi:
• Ispaniya – 35,0%
• Gretsiya – 33,0%
• Kipr – 28,2%
Eng past ortiqcha malaka darajasi:
• Lyuksemburg – 4,7%
• Xorvatiya – 12,6%
• Chexiya – 12,8%
Alpha version: 0.9.1.19 build 41809 | Инструменты