Yevrosiyo taraqqiyot banki Qo‘shtepa kanalining qo‘shni davlatlarga ta’siri haqida fikr bildirdi

Qo‘shtepa kanali qurilishi Markaziy Osiyoning suv balansiga xavf tug‘dirishi mumkin, bu muammolarni mintaqa davlatlari hal qilishi zarur. Bu haqda Yevrosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzovga tayanib, “AKIpress” xabar berdi.

Podguzov YTB mintaqaning suv balansiga taʼsir ko‘rsatadigan loyihalarga eʼtibor qaratayotganini ma’lum qildi. Mutaxassislarga ko‘ra, Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali umumiy drenajdan yiliga 10 kub kilometr suv oladi, xususan, bu Amudaryoga ham tegishli.

Qirg‘iziston xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imonqulovning taʼkidlashicha, Amudaryodagi suvning kamayishi Sirdaryodan qishloq xo‘jaligi va boshqa ehtiyojlar uchun suv olishning oshishiga olib kelishi muqarrar. Qator tahlilchilar bunday ssenariy ostida Markaziy Osiyo surunkali suv tanqisligiga duch kelishini aytmoqda.

Afg‘oniston Yevrosiyo taraqqiyot banki a’zosi emas, YTB kanal qurilishi davlat o‘z hududida amalga oshirayotgan loyiha ekanini eslatdi.

“Diplomatik kanallar orqali aloqalar bilan bog‘liq masalalar davlatlar tomonidan o‘zaro hal qilinadi. Ammo muammoni birgalikda hal qilishimiz kerak. Ishonamanki, davlatlar birgalikda kelishuvga erishadi. Bizning taklifimiz barcha masalalarni birgalikda hal qilishdir”, — dedi Podguzov.

Tahlilchilar vaziyatdan chiqish yo‘lini raqamli suv hisobini rivojlantirish, suvni tejash va bugungi kunda mintaqada mavjud resurslarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishda ko‘rmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70103 | Инструменты