Huawei 1
Zelenskiy Qrim va Donbass haqida gapirdi: "Bizda ularni qaytarish uchun kuch yo‘q"

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy armiya o‘z kuchi bilan Qrim va Donbassni qaytarib ololmasligini aytdi. Bu haqda u Fransiyaning Le Parisien gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Zelenskiydan urushni tugatish uchun qanday murosaga borishga tayyorligi so‘raldi. “Qrim yoki Donbassni, hech bo‘lmaganda vaqtincha berishga tayyormisiz?” deb so‘radi jurnalist. Siyosatchi quyidagicha javob berdi:

Hududlarimizni bera olmaymiz. Ukraina konstitutsiyasi bizga bunday qilishni taqiqlaydi. Hozirgi kunda bu hududlar de-fakto rossiyaliklar nazorati ostida. Ularni qaytarib olishga kuchimiz yetmaydi. Biz faqatgina xalqaro hamjamiyatning diplomatik bosimiga umid qilishimiz mumkin, toki bu Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilsin, dedi u.

Siyosatchidan, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor yoki yo‘qligini so‘rashdi.

Muhimi, qarshingizda kim o‘tirgani emas. Muhimi, muzokaralar olib borayotgan paytingizda qanday ahvolda ekanligingiz. Bizning pozitsiyamiz zaif deb o‘ylamayman, ammo kuchli pozitsiyada ham emasmiz. NATOga a’zo bo‘lamizmi? Bilmaymiz. Yevropa Ittifoqiga kiramizmi? Ha, kelajakda, lekin qachon?

Bunday sharoitda Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirish unga bizning mintaqamizdagi barcha masalalarni hal qilish huquqini berish bilan barobar bo‘lardi. Avvalo, biz modelmi, harakat yoki tinchlik rejasinimi — qanday nomlashni xohlasangiz — shuni ishlab chiqishimiz lozim. Shundagina biz uni Putinga yoki keng ma’noda rus xalqiga taqdim eta olamiz, dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy hech bir jahon yetakchisi “Putin bilan Ukrainasiz muzokara olib borishga haqli emas”ligini ta’kidladi.

Biz bu mandatni hech kimga bermadik. Biz — qurbonlarmiz, deya xulosa qildi u.

Ukraina shartlari

Ukraina qo‘shinlarni 1991-yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022-yillarda Rossiya tomonidan u yerda o‘tkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.

Rossiya shartlari

Putin o‘t ochishni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qo‘shinlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu to‘rtta hudud va Qrim go‘yoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va sanksiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib bo‘lmaydigan” ultimatum deb atadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121819 | Инструменты