Huawei 1
Yevropa Ittifoqi Suriyadagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochishga tayyor

Suriyadagi yangi hokimiyat bilan muzokaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqi Damashqda diplomatik vakolatxonasini qayta ochishni rejalashtirmoqda. 17 dekabr, seshanba kuni Strasburgda bo‘lib o‘tgan Yevroparlament yig‘ilishida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas: «Biz delegatsiyamiz ishini qaytadan boshlashga tayyormiz», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi «Suriyada bo‘shliq qoldira olmaydi». Shu bilan birga, u Yevropa diplomatik missiyasining qayta tiklanishini «juda muhim qadam» deb atadi. Kallas, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Suriya bo‘yicha elchisi Maykl Onmaxt yaqinda bu mamlakatning yangi rahbariyati va fuqarolik jamiyati bilan «birinchi aloqalarni» o‘rnatganini aytdi.

Bir kun avval Kallas YeI kengashi yig‘ilishida Suriyadagi fuqarolar urushi paytida Livan poytaxti Bayrutda ishlagan Onmaxt Suriyadagi yangi hokimiyat bilan muloqot qilishni boshlash niyatida ekanini aytdi.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Bryussel Suriya yangi rahbariyatidan kurdlar va nasroniylar kabi ozchiliklarni himoya qilishini kutayotganini ta’kidladi.

YeI Suriyaning yangi rahbariyati bilan aloqaga chiqdi

Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Yevropa Ittifoqi bu davlatning yangi rahbariyati bilan aloqa o‘rnatmoqda. Dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallasning aytishicha, YeIning Suriya bo‘yicha elchisi, nemis diplomati Maykl Onmaxt kun davomida Damashqda bo‘lishi kutilmoqda. Suriyadagi fuqarolar urushi paytida u Livan poytaxti Bayrutda edi.

Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Suriyada «vakuum» paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaydi va shuning uchun u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi siyosat bo‘limlari rahbarlari bilan Yevropa Suriyadagi yangi hokimiyat bilan qanday va qay darajada hamkorlik qilishi mumkinligi haqida maslahatlashmoqchi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Yevropa diplomatiyasining yangi rahbari Kaya Kallas boshchiligida ilk bor yig‘ilishmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Bryussel Suriyaning yangi rahbariyatidan kurdlar va nasroniylar kabi ozchiliklarni himoya qilishini kutmoqda. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning ikki harbiy bazasining Suriyada qolishi bilan bog‘liq tahdidlarga e’tiborni qaratmoqchi, dedi Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi. Rossiya yillar davomida Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121819 | Инструменты