Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiyaning bosqinchilik urushi davomida Ukrainada taxminan 45 100 harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, mamlakat mudofaa kuchlari orasida 390 mingga yaqin yaralanish holatlari qayd etilgan. Bu haqda u 4-fevral, seshanba kuni britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Aniqlik kiritaman: yaralanishlar soni yarador harbiylar sonidan ko‘proq, chunki ba’zi askarlar jarohat olganidan keyin jang maydoniga qaytib, yana yaralanishgan”, – dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina prezidenti Rossiya tomonining yo‘qotishlarini ham baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning urushdagi qurbonlari 350 ming nafarni tashkil etadi, yana 600–700 ming rossiyalik harbiy jarohat olgan.
Ukraina yo‘qotishlari bo‘yicha boshqa manbalar
2023-yil dekabr oyida Zelenskiy Ukraina armiyasining yo‘qotishlariga oid boshqa ma’lumotlarni taqdim etgan edi. O‘shanda u 43 ming ukrainalik harbiy halok bo‘lganini, yana 370 ming marta yaralanish holatlari qayd etilganini bildirgan edi. Prezidentning ta’kidlashicha, jarohatlanganlarning taxminan 50 foizi safga qaytgan, shuningdek, yengil va takroriy yaralanishlar ham hisobga olingan.
Shu bilan birga, ochiq ma’lumotlarga asoslanib yo‘qotishlar statistikasini yurituvchi UALosses loyihasi Ukraina armiyasining 63 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, The Economist nashri 2023-yil noyabr oyining oxirida G‘arb razvedka xizmatlari, AQSh rasmiylari va ochiq manbalar asosida hisob-kitob qilib, Ukraina urush boshlanganidan buyon 60 mingdan 100 minggacha harbiy xizmatchisini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini yozgan. Nashrga ko‘ra, yana 400 ming ukrainalik askar jang maydoniga qaytish imkonini bermaydigan jarohatlar olgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20520 | Инструменты