Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani AQShning Kiyev va Moskva o‘rtasida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifiga javob berishga chaqirdi.
«Hammasi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlanishni xohlaydimi yoki odamlarni o‘ldirishda davom etishni xohlaydimi, bunga bog‘liq», dedi u 12 mart, chorshanba kuni Kiyevda.
Avvalroq Ukraina 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lgan, endi esa Moskva o‘z javobini berishi kerak, dedi Zelenskiy.
Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa, AQSh Ukrainani kuchaytirishga majbur bo‘ladi
Ukraina prezidenti agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa, Vashingtondan «kuchli» munosabat kutishini qo‘shimcha qildi.
«Hozircha tafsilotlarni bilmayman, lekin biz sanksiyalar va Ukrainani mustahkamlash haqida gapiryapmiz», — deya tushuntirdi u. Zelenskiy hamon Moskvaga «ishonmasligini» aytdi.
Bundan tashqari, Vladimir Zelenskiy Ukraina ittifoqchilari bilan 30 kunlik otashkesim kuchga kirganidan keyin o‘z mamlakati uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga va’da berdi.
Ukraina: AQSh harbiy yordamni tikladi
Jiddada Ukrainadagi urushni to‘xtatish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar yakunida Kiyev Vashingtonning agar Rossiya rozi bo‘lsa, 30 kunlik otashkesim o‘rnatish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar mamlakatga harbiy yordam yetkazib berishni qayta boshladi. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 12 martga o‘tar kechasi Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Pavel Palisa xabar berdi.
«Qo‘shma Shtatlardan xavfsizlik bo‘yicha yordam tiklanganini tasdiqlayman. Kelishuvlar amalga oshirila boshlandi. Jang davom etmoqda!» — deb yozgan u.
CNN telekanali ham o‘z veb-saytida ismini oshkor etmagan ukrainalik amaldorga tayanib, Amerikaning Ukrainaga yordam yetkazishi qayta boshlangani haqida xabar berdi.
«Seshanba kuni (11 mart) ukrainalik amaldor Amerikaning Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha yordami qayta boshlanganini tasdiqladi», — deyiladi nashrda.
Avvalroq Jiddadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuviga javoban AQSh vakillari Kiyevga yordam zudlik bilan tiklanishini e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashishga darhol qaytishga va’da berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31412 | Инструменты