Huawei 1
Berlin shahrida "Xo'ja Nasriddin" festivali o'tkazildi

Berlin shahrida "Xo'ja Nasriddin" festivali o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA. Unda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashkilotchi sifatida ishtirok etdi va mamlakatimiz madaniyati hamda san’atini namoyish etdi.

Germaniyada akkreditatsiyadan o'tgan Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron va Pokiston davlatlari elchixonalari tomonidan "Cultur-Cooperation Int. e.V." tashkiloti bilan birgalikda tashkil etilgan festivalda mezbon mamlakat rasmiylari, ishtirokchi davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Berlin shahri aholisi, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

Festivalning rasmiy ochilish marosimida Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Yens Vagner, Berlinning Shteglis-Sellendorf ma’muriy okrugi burgomistri Maren Shellenberger va Berlin shahridagi XDS partiyasining ta’lim siyosati masalalari bo'yicha parlament guruhi vakili Sandra Halatbari so'zga chiqib, mazkur madaniyat festivali xalqlar o'rtasidagi do'stlik ko'prigini mustahkamlash, madaniy muloqotni shakllanishiga katta hissa qo'shishini ta’kidladilar.

Nasriddin Afandi latifalari nafaqat Sharq xalqlari orasida keng tarqalgani, balki Yevropa tillariga tarjima qilingani, uning latifalaridagi donolik, zukkolik va shu bilan birga yumorga yo'g'rilgan hikoyalari har doim o'z dolzarbligini yo'qotmagani qayd etildi.

Sharq xalqlari qahramoni Xo'ja Nasriddin festivali doirasida ishtirokchi mamlakatlar o'z madaniy dasturlari, kuy-qo'shiqlari, raqslari, Nasriddin obrazi bilan bog'liq qiziqarli sahna ko'rinishlarini namoyish etdilar.

Hafiza Qo'chqarova boshchiligidagi havaskor san’atkorlardan iborat mamlakatimiz vakillari tomonidan "Xo'ja Nasriddin Buxoroda" nomli sahna ko'rinishi, "Yalla" guruhining Nasriddin afandi haqidagi mashhur qo'shig'i va o'zbek milliy raqslari ijro etildi. Ayniqsa, bolajonlar uchun tayyorlangan "Afandining topishmoqlari" o'yini juda qiziqarli kechdi. G'olib bolajonlarga mamlakatimizdan keltirilgan milliy suvenir o'yinchoqlar topshirildi.

Ishtirokchi mamlakatlarning milliy ruhda bezatilgan stendlari, milliy pishiriq va shirinliklardan iborat dasturxon tashrif buyuruvchilarni Sharq mamlakatlari olamiga sayohatga chorladi. Shuningdek, O'zbekiston stendiga tashrif buyuruvchilar o'zbek milliy liboslari, hunarmandchilik buyumlari, turli xil ipak matolar, milliy liboslar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar. O'zbekona bezatilgan topchan va xontaxtalar mehmonlarni yurtimiz madaniyatiga bo'lgan qiziqishini orttirdi. Mehmonlarga mamlakatimiz turistik salohiyati yoritilgan tarqatma materiallar va broshyuralar taqdim etildi.

Maren Shellenberg, Berlin shahrining Shteglis-Sellendorf ma’muriy okrugi burgomistri:

– Yettita mamlakat elchixonalari birgalikda "Xo'ja Nasriddin" festivalini Shteglis-Sellendorf ma’muriy okrugi binosida tashkil qilganlaridan juda mamnunmiz. Festival Berlin aholisiga ushbu mamlakatlar xalqlari va ularning madaniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. O'zbekiston o'zining katta stendi bilan ishtirok etgani, qadimiy madaniy merosini namoyish etayotganidan xursandmiz. Hali O'zbekistonga bormaganman, lekin bugungi tadbir tufayli mamlakatingiz haqida ko'proq taassurotga ega bo'ldim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110603 | Инструменты