Vazirlar Mahkamasining "Qadimiy Buxoro vohasining madaniy-etnografik va me'moriy o'zligini saqlash hamda uni xalqaro hamjamiyatga yanada keng tanishtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori e'lon qilindi.
Hujjatda Buxoro vohasining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, uni O'zbekiston aholisi va xalqaro hamjamiyatga yanada keng tanishtirish, Buxoro xalqaro aeroportida yo'lovchilarga va aviatashuvchilarga yuqori darajada xizmat ko'rsatilishini ta'minlash, ekoturizmni rivojlantirish hamda sohaga investitsiyalarni faol jalb etish bo'yicha qulay sharoitlar yaratish vazifalari belgilangan.
Qarorga ko'ra, Buxoro shahrida "Boqiy Buxoro madaniy- etnografik parki" (Etnopark) barpo etiladi.
Loyihada Qadimiy Buxoro madaniy-etnografik muzeyi, an'anaviy bozor, hunarmandchilik markazi, hammom va kitob rastalari o'rin olgan.
Shuningdek, Etnopark hududida Buxoro vohasining tarixiy mahallalari, choyxonalari va milliy taomlari tamaddixonalari, an'anaviy ariq va hovuzlari, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo'zlik, kashtachilik, yog'och o'ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san'at ustaxonalari tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Hukumat qarori bilan 2024–2030-yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini rivojlantirishning maqsadli ko'rsatkichlari, turizmni yanada rivojlantirish bo'yicha «yo'l xaritasi» va viloyatdagi avtomobil yo'llarini rekonstruksiya qilish va turizm marshrutlari bo'yicha piyodalar ko'chalarini qurish obyektlari ro'yxati tasdiqlanadi.
Qayd etilishicha, Etnopark konsepsiyasi bo'yicha zarur loyihalashtirish ishlarini jadallashtirish, loyiha va loyihaga oid hujjatlarni belgilangan tartibda YUNESKOning Umumjahon merosi markazi va boshqa tashkilotlar bilan kelishish ishlarining o'z muddatlarida amalga oshiriladi.
Hujjatga ko'ra, O'zbekiston Madaniy meros agentligi YUNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiya, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxona hamda Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda Etnoparkni barpo etishga doir zarur hujjatlarni belgilangan tartibda YUNESKOning Umumjahon merosi markaziga ko'rib chiqish uchun taqdim qiladi va o'zaro kelishilishini ta'minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorda, shuningdek, Buxoro xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish va uning yo'lovchi tashish quvvatini yanada oshirish vazifalari ham belgilangan.
Bundan tashqari, Buxoro tumanida zamonaviy sport kompleksi (futbol stadioni) quriladi. Buxoro shahar 28-son Bolalar va o'smirlar futbol maktabi negizida esa Buxoro futbol akademiyasi tashkil etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты