Huawei 1
Moskvadagi Davlat Tretyakov galereyasiga "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" kitob-albomlari sovg'a qilindi

O'zbekiston elchixonasi Moskva shahrida joylashgan Davlat Tretyakov galereyasi rahbariyatiga "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" nomli 50 jildlik kitob-albomlarni topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Tadbirga so'zga chiqqan diplomatik vakolatxona birinchi kotibi Fatxulla Abdurahmanov mazkur kitob-albom O'zbekiston Prezidentining mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash, o'rganish va ommalashtirish bo'yicha tashabbusi doirasida chop etilganini ta'kidladi. "Ushbu kitob-albomlarining sovg'a qilinishi bizning rus madaniyatiga bo'lgan chuqur hurmatimiz hamda O'zbekistonning noyob madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga sodiqligimizni ifodalaydi. Umid qilamizki, bu kitoblar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o'rtasida boy tarix hamda madaniyatimizni anglash va hurmat qilishda ko'prik bo'lib xizmat qiladi", – dedi u.

Davlat Tretyakov galereyasi rahbariyati O'zbekiston elchixonasiga galereya fondiga qo'shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish uchun bunday tashabbuslarning muhimligini ta'kidladi.

Ma'lum qilinishicha, Davlat Tretyakov galereyasi kolleksiyasida O'zbekiston tarixi va madaniyati, noyob me'moriy yodgorliklari, tasviriy va amaliy san'at yo'nalishlari bo'yicha boy illyustrativ materiallar va tadqiqotlar o'rin olgan.

Eslatib o'tamiz, bundan avval O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi tomonidan Rossiyaning Sharq davlat muzeyi hamda Butunrossiya dekorativ-amaliy va xalq amaliy san'ati muzeyiga ushbu nomdagi kitob-albomlar sovg'a qilingan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101004 | Инструменты