Huawei 1
“O’tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari arab tiliga tarjima qilindi

2024-yil 26-oktyabrda Abdulla Qodiriy ijod maktabida "O‘tkan kunlar" va "Mehrobdan chayon" asarlarining arab tilidagi tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi va tarjimonlar, adabiyotshunoslar, adabiyot ixlosmandlari, yoshlar ishtirok etishdi.

Abdulla Qodiriyning ushbu o‘lmas asarlarining tarjimasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida Ar-Riyod shahrida nashr etildi.

"O‘tkan kunlar" romanining Misr universiteti va Sadat Akademiyasi rus tili kafedrasi mudiri, professor Muhammad Nasriddin al-Jibaliy tomonidan rus tilidan arab tiliga o‘girilib, Qohirada chop etilgan tarjimasi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazida romanning o‘zbek tilidagi asl matniga muvofiq ravishda tahrir etilib, ikkinchi bor nashr etildi.

"Mehrobdan chayon" romanini esa arab tiliga vatandoshimiz Sayyid Mahmud Sayyid Mubashshir tarjima qildi. Tarjimon Saudiya Arabistonida, Madinai Munavvarada tavallud topgan va shu yerda o‘rta maktabni tamomlagan. Saudiya Arabistonining Toshkentdagi Elchixonasida, keyinchalik sayyohlik firmasida tarjimon sifatida faoliyat yuritgan. Toshkentdagi o‘rta maktablarda arab tilidan dars bergan. Hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tahsil olmoqda.

Abdulla Qodiriy asarlarini arab tiliga tarjima qilish jarayonida Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karim maslahatchi sifatida ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, Abdulla Qodiriy asarlarining dunyoga tanilishi Mustaqillikdan keyin yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. "O‘tkan kunlar" romani ingliz tiliga uch marta tarjima qilindi, Germaniyada uning yangi tarjimasi yaratildi. 2023 yilda roman Eronda fors tilida chop etildi, Ozarbayjonda qayta nashr qilindi. Qodiriy asarlarining arab tiliga tarjimasi o‘zbek adabiyotining dunyoga chiqishidagi yana bir muhim voqeadir.

Taqdimot marosimiga Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi doktor Majid at-Turkiy, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodirjon Turg‘unov tashrif buyurdi.

Taqdimot doirasida o‘zbek adabiyotining arab tadqiqotchilari tomonidan o‘rganilishi mavzusida ham qiziqarli ma’ruzalar tinglandi.

Qayd etish kerakki, Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi yurtimizdagi bir qator oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan va o‘zbek madaniyati, tarixi va adabiyotiga oid qator nashrlarni amalga oshirgan, jumladan arabshunos-tarjimon Murtazo Saydumarov tomonidan arab tiliga tarjima qilingan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, Abdulla Qahhor va boshqa ko‘plab o‘zbek yozuvchilarining eng sara asarlarini o‘z ichiga olgan "Hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida hikoya janri. Adabiy-tanqidiy tadqiqot va tanlangan hikoyalar" kitobini nashr ettirgan. Bu kitob arab dunyosida e’tirof etilib, yuksak baholandi va Qatar davlati tomonidan ta’sis etilgan "Tarjima va o‘zaro bir-birini tushunish xalqaro mukofoti"ga sazovor bo‘ldi.

Ushbu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida markaz tomonidan yana bir ilmiy risola nashr etildi. Ar-Riyoddagi Amir Sulton universiteti o‘qituvchisi Mahmuda Saydumarova saudiyalik arab adibi va adabiyotshunosi Holid Yusuf bilan hamkorlikda tayyorlagan "O‘zbek adabiyotini arab tilida o‘qib" ilmiy risolasidan Misr, Sudan, Tunis, Livan, Falastin, Iroq, Iordaniya va Saudiya Arabistoni adabiyotshunoslarining Abdulla Qodiriy va boshqa ko‘plab o‘zbek adiblarining asarlariga oid tadqiqotlari  o‘rin olgan. Ushbu kitob, tuzuvchi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, "O‘zbek hikoyalari arab adabiyotshunoslari talqinida" nomi bilan "Adabiyot" nashriyotida chop etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122704 | Инструменты