Huawei 1
O‘zbekistondagi idora va muassasalarda oyning bir kunini Teatr kuni deb e’lon qilish taklif etildi

22-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida idora va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilish taklif etildi. 

Xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

“Agar hozir “Qani, oxirgi bir oyda qaysi teatrga bordingiz, qanday yangi kitob o‘qidingiz?”, deb so‘rasam, o‘ylaymanki, aksariyat rahbarlar xijolat bo‘lib qolishi mumkin. Holbuki, rahbar-yetakchilar ijtimoiy dunyoqarash, madaniy saviya bo‘yicha boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari kerak”, - dedi prezident.

Madaniyat vazirligiga Teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.

Dasturda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha eng yaxshi pyesa uchun ijodiy buyurtma berish, dramaturglarga 50 million so‘mdan qalam haqi to‘lash, ijodiy va yordamchi xodimlarning rivojlangan davlatlar teatrlarida mahorat oshirishini yo‘lga qo‘yish hamda yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofotni ta’sis etish nazarda tutiladi.

“Maqom san’atini rivojlantirish, uni qorong‘ulikdan yorug‘likka olib chiqish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan san’atkorlarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi”, - dedi prezident.

Xalq og‘zaki ijodi durdonalarini keng targ‘ib etib kelayotgan baxshilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash e’tibor markazida bo‘ladi.

Mamlakat fondlarida saqlanayotgan 3 mingdan ziyod doston, maqom va folklor asarlarini zamonaviy formatga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Umuman, ushbu san’atni ommalashtirishda raqamlashtirishdan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi 12 ta noyob madaniy meros namunalari bo‘yicha an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты