13-dekabr kuni Samarqand viloyatidagi “Xalqlar doʻstligi va diniy bagʻrikenglik” muzeyi binosida “Milliy merosga mening hissam” aksiyasi doirasida xarid qilingan ashyolar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish, madaniy boyliklarni aniqlash maqsadida o'tkazildi. Qayd etilishicha, endi davlat muzeylarida aholidan xarid qilib olingan madaniy boyliklar ko‘rgazmasi har yili tashkil etiladi.Ko‘rgazmada, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari viloyat va respublika bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyalari davomida topilgan hamda aholidan xarid qilib olingan bir qator noyob ashyolar namoyish etildi.
Xususan eksponatlar orasidan,
- Payariqdan topilgan saklarning ikki ming yillik bronza qozoni,
- miloddan avvalgi II asr va milodiy XIV asrlarga oid bronza ko‘zgular,
- Qoraxoniylar davriga oid 180 ta kumush tangalar kolleksiyasi,
- Chig‘atoy xonlarining 236 ta dinor va dirhamlari,
- ipak gilamlar, antiqa zargarlik buyumlari, tarixiy liboslar va rasmlar o‘rin olgan.
Ushbu ashyolar kelgusida muzey-qo‘riqxona tasarrufida tashkil etilishi rejalashtirilgan muzeylar ekspozitsiyasini boyitishga xizmat qiladi. Ma'lumot o'rnida, ushbu ko'rgazma 16-dekabrgacha davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122908 | Инструменты