Dunyo xalqlari sanʼat ustalarini 1997-yildan buyon Samarqandda birlashtirgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali yana ko‘hna shaharga qaytmoqda.
Joriy yilning 25-30-avgust kunlari qadimiy va hamisha navqiron kentda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi.
Turli millat va elatlarni sanʼat orqali birdamlikka chorlaydigan, dunyo xalqlari milliy kuy va qo‘shiqlari tarannum etiladigan musiqa anjumanida shu paytgacha sayyoramizning barcha qitʼalaridan vakillar ishtirok etgan. Bu yil ham qatnashchilar avvalgi yillardagidan kam bo‘lmasligi kutilmoqda. Eʼtiborli tomoni, avvalgilardan farqli o‘laroq bu yilgi festival Registon maydonida emas, balki ayni chog‘da Samarqandning yangi turizm maskaniga aylanayotgan xalqaro turistik markazdagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkaziladi.
– Ko‘pchilikda nima uchun Registonda emas, degan savol tug‘ilishi shubhasiz, – deydi rejissyor Shamsiddin Usmonov. – Buning asosiy sababi yurtimizning bebaho madaniy merosi hisoblanmish Registon ansamblini asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazishdan iborat. Hech kimga sir emas, festivalga tayyorgarlik va bevosita tadbirlar jarayonida turli transport vositalari, ovoz kuchaytirgich va boshqa texnik qurilmalardan foydalanishga to‘g‘ri keladi va bu tarixiy obidalarimizga zarar yetkazishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda yangi markazda tashkil etishga kelishildi. Bu yerda ham o‘ziga xos milliy, tarixiy muhit yaratilgan. Ayni paytda festivalning ochilish marosimiga tayyorgarlik jarayonlarini olib boryapmiz. Aktyorlar, xoreograflar, harbiylar hamda talaba-yoshlar ishtirokidagi ommaviy sahna ko‘rinishlari bo‘yicha ishlayapmiz. Eʼtiborlisi, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali nomiga xos tarzda ochilish marosimida faqatgina yurtimiz sanʼat ustalari emas, balki xorijlik sanʼatkorlarning ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu borada festivalni o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan respublika shtabi, qolaversa, Madaniyat vazirligining shtablari tomonidan tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda. Maqsadimiz maʼlum tanaffusdan so‘ng qayta tiklanayotgan “Sharq taronalari”ni betakror o‘tkazishdan iborat. Chunki, mazkur festivalni xalqimiz, shuningdek dunyo ahli ham sog‘ingan. Buni tayyorgarlik jarayonida mahalliy va xorijlik sayyohlar tomonidan bildirilayotgan katta qiziqishlar orqali ko‘ryapmiz. Zimmamizda katta masʼuliyat bor va shuni his etgan holda bor kuchimiz bilan harakat qilyapmiz.
O‘n uchinchi bor o‘tkaziladigan festivalga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in tus olgan bir paytda unda kimlar ishtirok etishi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Ayni paytda xorijiy davlatlarga taklifnomalar yuborilgan va ularning aksariyati festivalda ishtirok etishlarini tasdiqlamoqda. Jarayon davom etmoqda.
– “Sharq taronalari”ni xalqimiz ham, xorijlik musiqa ixlosmandlari ham sog‘inganligini tayyorgarlik ishlari davomida kuzatyapmiz, – deydi Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘azal Sirojiddinov. – Musiqa hamma uchun bir xil, uni tushunish uchun tarjimon kerak emas. Shuning uchun ham bunday festivallar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish, jipslashtirish, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Joriy yilgi musiqa festivalida ishtirok etuvchilarni aniqlash bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarga taklifnomalar yuborildi. Bugungi kunga qadar 130 davlatdan javob xatlari kelib, o‘z takliflarini bildirdi. Bundan tashqari, yaqin kunlarda mahalliy ishtirokchilarni aniqlash maqsadida ichki tanlovimiz o‘tkaziladi. Eng sara chiqishlar aniqlanib, festivalga taqdim etiladi. Umuman olganda festivalga qiziqish qanchalik yuqori bo‘lsa, tayyorgarlik jarayoni ham shunchalik qizg‘in davom etmoqda. O‘ylaymanki, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali ham garchand ilk bor Registon maydonidan tashqarida o‘tkazilsa-da, kuy-qo‘shiq ixlosmandlari qalbida o‘chmas iz qoldiradi. Musiqa, sanʼat xalqlarni birlashtirish qudratiga ega. Bugungi globallashuv, dunyoning manzarasi o‘zgarib borayotgan davrda, bu ayniqsa, yaqqol sezilmoqda. Ayni jihatlarni eʼtiborga oladigan bo‘lsak, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oldiga qo‘ygan maqsadi, mohiyati, jozibasi bilan xalqlar do‘stligini mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120623 | Инструменты