Joriy yilning 20-oktabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti BMT Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Akademiyadan maqsad turizm sanoati va iqtisodiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, UNWTOga a'zo davlatlar vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.
“Samarqand bir vaqtlar Ipak yo‘lidagi ilg‘or ta’lim va ilm-fan markazi bo‘lgan. Yangi O‘zbekistonda biz tarix va an’analarimizni qadrlaymiz, sifatli ta’limga alohida e’tibor qaratamiz, turli sohalarda yangi avlod olimlari, yosh yetakchilarni tayyorlamoqdamiz. 2018-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ochildi. Bugun davlat rahbari tashabbusi bilan Xalqaro turizm akademiyasi ochildi, uning asosiy maqsadi turizm sohasida ta’lim sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishdan iborat”, — dedi Aziz Abduhakimov tadbirda.
Zurab Pololikashvili esa turizmni rivojlantirishda ta’limning ahamiyati va Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasi o‘tkazilgan mamlakatda Xalqaro akademiya ochilishini ta’kidladi.
“Akademiyani ochish tashabbusi ilgari surilganidan 9 oy o'tib, ochilishda qatnashayotganimdan xursandman. Dastlab bunga ishonolmadim, chunki Bosh Assambleya boshlanishiga oz vaqt qolgandi. Ammo O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning sa’y-harakatlari bugun tashkilotga a’zo mamlakatlar turizm vazirlari ishtirok etayotgan Akademiyaning ochilishini o‘tkazish imkonini berdi. Bu jarayonda qatnashganimdan mamnunman. Bu nafaqat UNWTO yoki Samarqand uchun, balki umuman turizm uchun ham muhim qadamdir”,— dedi Z.Pololikashvili ochilishda.
Bundan tashqari, Z.Pololikashvili ochilish marosimida ishtirok etgan turizm vazirlari va turizm boshqarmalari rahbarlarini Akademiya faoliyatini tashkil etish va o‘quv jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir davomida universitet va Turizm akademiyasiga tanishuv sayohati, esdalik lavhalarining ochilishi, Samarqand shahridagi UNWTO tematik idorasi faoliyati bilan tanishtirish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
Ta'kidlash joizki, Akademiyaning o'quv dasturi Shveysariya mehmondo'stlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi. Akademiyani tamomlagandan so‘ng bitiruvchiga jalb qilingan hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so‘ng, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Akademiya tashkilotchilari O‘zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) hisoblanadi.
UNWTOning Akademiyani tashkil etishdagi faoliyati xalqaro tajribaga asoslangan kadrlar tayyorlash modelini yaratish, oʻquv dasturlarini mahalliy sharoitga moslashtirish, ToT dasturlari (trenerlarga trening o‘tish, o'qituvchilarning malakasini oshirish) orqali mentorlarni tayyorlash, institutsional rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, talabalar reytingini baholash, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatish, dasturlarning xalqaro tan olinishi va sertifikatlanishini ta'minlashdan iborat.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100600 | Инструменты