Huawei 1
Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi koreyaliklar tomonidan restavratsiya qilindi

Afrosiyob muzeyida Koreya Madaniy meros jamg‘armasi tomonidan restavratsiya ishlari olib borildi. Binoni ta’mirlash jarayoniga 33 ming dollarga yaqin mablag‘ sarflangan. Koreya Madaniy meros boshqarmasi, Koreya Madaniy meros jamg‘armasi, O’zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va boshqa tashkilotlar tomonidan binoda pardozlash ishlari amalga oshirildi.

Restavratsiya qilish davomida muzeyning birinchi qavatida ko‘rgazmalar zali, videozal va yo‘laklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomlari ham qayta ta’mirlandi. Shu munosabat bilan joriy yilning mart oyida muzeyning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, muzeyga kirish 2 kun davomida bepul bo‘ladi. Shuningdek, tadbir doirasida Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

Afrosiyob muzeyini Samarqand qadimiy hayoti va tarixining ko‘zgusi desak adashmaymiz. Mazkur maskan Samarqand shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan. U noyob arxeologik yodgorlik bo‘lib, bugungi kungacha turli-tuman osori atiqalar bilan to‘ldirilgan xalq madaniy hayotini aks ettiruvchi go‘sha hisoblanadi. Muzey Samarqandning shimoliy qismidagi markaziy bozor orqasida, qadimiy Afrosiyob tepaliklari yonida joylashgan. 

Muzeyning eng qimmatli diqqatga molik eksponatlari sirasiga Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazilmalar chog‘ida topilgan ashyolar kiradi, ularning har biri ko‘hna shahar tarixining turli davrlariga taalluqlidir. Ixshidlar sulolasiga (V-VIII asrlar) mansub ossuriylar, qadimgi qilich bo‘laklari, pichoqlar, o‘qlar, tangalar, sopol buyumlari, shuningdek, Samarqand saroyi devor suratlarining parchalari shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda muzey ekspozitsiyasidagi eksponatlar soni 2000 dan ziyodni tashkil etadi va ularning soni muntazam ravishda ortib bormoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты