Huawei 1
Toshkentda Eski shahar mahallarida kreativ iqtisodiyotning ilk markazlari paydo bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar tashkilotining yuksak minbaridan O‘zbekistonning ezgu vazifasi – Islom dinini sivilizatsiya sifatida o‘rganishning yangi konsepsiyasini dunyoga taqdim etishni eʼlon qilganiga sanoqli yillar o‘tdi.

Ikki muhtasham bino-maʼnaviyat markazlari qurilishi boshlandi: Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy markazi va qadimgi Toshkent qoq markazidagi Islom sivilizatsiyasi markazi, bu yerda 2017 yilda kelajak avlodlarga maʼnaviy meʼrosni yetkazish poydevori qo‘yilgan edi.

Islom olamida o‘xshashi bo‘lmagan bu ikki ulug‘vor inshoot Temuriylar Uyg‘onish davrining eng yaxshi meʼmoriy anʼanalarini zamonaviy uslublar, shakllar va texnologik yechimlar bilan uyg‘unlashtiradi.

Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z faoliyati boshlanishidan avval ham eski shaharning bezakiga aylangan edi. Butun dunyodan minglab sayyohlar uning arxitekturasiga qoyil qolishadi, uni suratga olishadi va ijtimoiy tarmoqlarda suratlarini baham ko‘rishadi.

Eʼtiborlisi, bu binoga O‘zbekiston fuqarolaridan ko‘ra ko‘proq xorijlik sayyohlar qiziqish bildirishadi. Ehtimol, bu aholining mamlakatdagi bunyodkorlik o‘zgarishlariga va obodonlashtirishga o‘rganib qolganligi bilan bog‘liqdir.

Mustaqillik bizgacha yetib kelgan nodir obidalarning saqlanib qolishiga imkon yaratdi. 2019 yilda ularning barchasi O‘zbekiston milliy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi va ularni qayta tiklash boshlandi.

Aynan shu damda O‘zbekiston madaniyati va sanʼatini rivojlantirish jamg‘armasi xayrli tashabbuslarni ilgari surdi. Islom sivilizatsiyasi markazining mahobatli binosi ro‘parasida joylashgan qadimiy mahallalar qaʼrida ilk namunaviy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jamg‘arma ikkita meʼmoriy madaniy meros obyektini restavratsiya va rekonstruksiya qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Gap nafaqat restavratsiya haqida, balki ushbu obyektlarning art-rezidensiya shaklida maʼnaviy-kreativ hayot kaliti bo‘lishi haqida bormoqda. Bu yerda qadimdan meros bo‘lib qolgan anʼana va turmush tarziga ko‘ra, hayot hamon eski kunlardagidek davom etayotgan mahallalarda kreativ iqtisodiyotining ilk markazlari paydo bo‘ladi.

Poytaxtda bo‘lib o‘tgan Kreativ iqtisodiyotga bag‘ishlangan konferensiya davomida ehtimol, dunyoga ko‘rinmas, ammo eski shahar, yurtimiz, jamiyatimiz hayoti uchun o‘ta muhim voqealar bo‘lib o‘tgani eʼtiborga molik. Xorijlik mehmonlar ishtirokida tarixiy “Namuna” va “Hasti Imom” mahallalarida art-rezidensiyalarining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Darvoqe, bu mahallalar allaqachon YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100721 | Инструменты