2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning sof foydasi birinchi marta 1 trillion so‘mdan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning moliyaviy holatiga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.
Yanvar-dekabr oylarida mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadi 3,4 trln so‘mni, xarajatlari 1,5 trln so‘mni, sof foydasi 1 trln so‘mni tashkil etdi.
Mikromoliya tashkilotlari 3 trln so‘m daromad oldi, shundan deyarli yarmi xarajatlar qismiga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, ularning sof foydasi 833 mlrd so‘mni tashkil etdi.
O‘z navbatida, lombardlarning daromadi 354 mlrd so‘mdan oshdi, xarajatlar esa 138 mlrd so‘mni tashkil etdi. Natijada ularning sof foydasi 170 mlrd so‘m atrofida shakllandi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlarining foizli daromadlari umumiy daromadlarning 70%ini tashkil etib, buning 99,3%i ajratilgan kreditlar hisobiga shakllanadi. Xarajatlar tuzilmasida mikromoliya tashkilotlarining foizsiz xarajatlari 10%ni (lombardlarda 11%), operatsion xarajatlar 44%ni (81%), foizli xarajatlar esa 46%ni (8%) tashkil etdi.
Mikromoliya tashkilotlarining mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali oladigan foizli daromadlarida ko‘rsatilgan xizmatlar segmentatsiyasi ulushida mikroqarzlarning ulushi 97−99% oralig‘ida shakllangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22323 | Инструменты