“2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
2025 yil uchun Davlat budjeti loyihasi va 2026–2027 yillar uchun budjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan.
Xususan, 2025 yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish surʼatlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,1 foizga, bozor xizmatlari 14,5 foizga o‘sishi hisobiga taʼminlanishi prognoz qilinmoqda.
Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.
O‘rta muddatda soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari:
— konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2025–2027 yillarda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;
— o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;
— budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish;
— soliq va budjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;
— davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish, bunda o‘rta muddatda YAIMga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik.
Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2025 yil uchun Davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Ushbu Qonun 2025 yil 1 yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112811 | Инструменты