Niderlandiya politsiyasi Assen shahridagi Drente muzeyida sodir etilgan o‘g‘irlik bo‘yicha uch nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi.
Qayd etilishicha, ularning yonidan 25 yanvarga o‘tar kechasi muzeydan olib chiqib ketilgan bebaho eksponatlar topilmagan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, hozirda gumonlanuvchilar so‘roq qilinib, tintuv o‘tkazilmoqda.
O‘g‘rilar 25 yanvar kuni soat 03:45 da kirish eshigini portlatish orqali Drente muzeyi binosiga kirgan. Jinoyatchilar Dakiya qirolligi tarixiga oid ko‘rgazma zaliga kirib, u yerdan eramizdan avvalgi 450 yillarga tegishli to‘rtta eksponat — Kotsofeneshtning 1 kilogramm sof oltindan yasalgan mashhur dubulg‘asi va uchta tilla bilaguzukni o‘g‘irlab ketgan.
Tergov davomida Niderlandiya politsiyasi jinoyatchilar foydalangan Volkswagen Golf avtomobiliga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan — mashina ham o‘g‘irlangan bo‘lib, jinoyat amalga oshirilgach, transport vositasi yoqib yuborilgan.
Bundan tashqari, politsiya gumonlanuvchilardan birining suratini tarqatgan. Bir necha kundan keyin uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Drente muzeyi «umid uyg‘otuvchi yangiliklardan» xursand ekanini bildirgan.
Avvalroq Ruminiya tashqi ishlar vaziri Emil Xurezyanu niderlandiyalik hamkasbi Kaspar Veldkamp bilan telefon orqali bog‘lanib, o‘g‘irlangan eksponatlarning madaniy-tarixiy ahamiyati naqadar ulkan ekanini ta’kidlagan va Ruminiya sodir bo‘lgan voqeadan tashvishda ekanini ma’lum qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13103 | Инструменты