Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Koreya Respublikasining Hayvonlar va oʻsimliklar karantini agentligi (APQA) oʻrtasida olib borilgan muzokaralar natijasida Oʻzbekistondan yangi uzilgan uzumni Koreya bozoriga eksport qilishga ruxsat olindi.
Kelishuvga muvofiq, uzum eksporti xalqaro fitosanitariya talablari asosida amalga oshiriladi. Eksportga moʻljallangan mahsulot faqat roʻyxatdan oʻtgan eksport bogʻlari va qadoqlash korxonalarida yetishtirilib, tayyorlanadi. Eksport bogʻlarida hosil yigʻimiga qadar xavfli zararkunandalarga qarshi doimiy monitoring olib boriladi, zarur hollarda mahsulot fumigatsiya qilinadi.
Koreya tomoni belgilagan talablarga koʻra, uzumlar tasdiqlangan qadoqlash korxonalarida saralanadi va maxsus himoya vositalari bilan qadoqlanadi. Har bir quti va palletda mahsulot kelib chiqishi haqidagi maʼlumot hamda “For Korea” belgisi boʻlishi shart.
Eksport joʻnatmalari Oʻzbekiston va Koreya mutaxassislari tomonidan birgalikda tekshirilib, fitosanitariya sertifikati rasmiylashtiriladi. Mazkur kelishuv Oʻzbekiston uzumining Koreya bozoriga barqaror kirib borishini taʼminlab, mamlakat eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11421 | Инструменты