Huawei 1
O’zbekiston anomal sovuq sabab 228 ming tonna piyoz yo’qotdi - vazirlik

2022-yilda respublika bo‘yicha barcha toifa xo‘jaliklarida 91,1 ming gektar maydonga  piyoz ekilib, 1,9 mln tonna shundan, avgust-sentyabr oylarida 665 ming tonna kuzgi hosil yetishtirildi.

Yetishtirilgan  piyoz hosilining  1,2 mln tonnasi aholi isteʼmoliga, 203 ming tonna eksportga, 93,2 ming tonna zaxiraga, 210 ming tonna umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga  yo‘naltirildi. Tabiiy yo‘qotishlar esa 228 ming tonnani tashkil qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilning 20-yanvaridan 30-apreliga qadar tibbiy meʼyorlar bo‘yicha aholining piyozga bo‘lgan isteʼmol talabi o‘rtacha 346 ming tonnani tashkil etadi.

Qayd etilishicha, keskin sovuq natijasida, dehqon bozorlarida ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyoz mahsulotlari muzlab qolgan (muzlash harorati -5 odaraja)  hamda noqulay ob-havo sharoiti, natijasida, taklif yaʼni, bozorga mahsulotni olib kelish hajmi pasaygan.

Jahonda kechayotgan geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy munosabatlar zanjiridagi murakkabliklar natijasida, piyozning dunyo bozoridagi narxi sezilarli darajada oshganligini ko‘rish mumkin. Oqibatda, O‘zbekiston va MDHda piyoz narxi 2 barobarga o‘sgan. Jumladan, bugungi kunda Ukrainada 74 sent*, Gruziyada 56 sent*, Belarussiya, Polsha, Moldova va Tojikistonda 47-50 sentni*tashkil etmoqda.

Mamlakatimizda, ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish, aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida,  O‘zbekistonda 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi.

Bugungi kunda, joylardagi zaxira qilingan piyoz маhsuloti holati o‘rganildi. Jumladan, hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlanmoqda. Bu esa piyoz zaxirasi mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, aholining isteʼmol talabi doirasida mavjud zaxiraga qo‘shimcha 26,5 ming tonna piyoz kerakligini ko‘rsatmoqda. Ushbu mahsulotlarni import qilish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, janubiy viloyatlarda bahordan piyozning ertapishar navi yetishtirib olinadi.  Jumladan, Surxondaryo va Qashqadaryoda ekilgan urug‘ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabini to‘liq qoplanishi bo‘yicha hisob-kitoblar mavjud.

Hozirgi kunda esa, mamlakatimizda nafaqat piyozning balki, barcha asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zaxirasi mavjud va o‘rnatilgan tartibda saqlanmoqda. Talab va taklif mutanosibligi asosida ushbu zaxiralarni mamlakatimiz dehqon bozorlariga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada barcha masʼullar aniq reja asosida ish yuritmoqda. Hukumat komissiyasi tomonidan taʼminotda uzilishlar bo‘lmasligi yuzasidan va narx oshishining oldini olishga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122620 | Инструменты