Huawei 1
“BLOCKCHAIN” texnologiyasining ta'minot zanjiri boshqaruvidagi inqilobiy yondashuvi

So'nggi yillarda blockchain texnologiyasi jahon bo'ylab ko'plab sohalarda inqilobiy o'zgarishlarni olib keldi. Misol uchun, moliya sohasida Bitcoin va Ethereum kriptovalyutalari markazlashmagan raqamli valyutalar sifatida namoyon bo'lsa, sog'liqni saqlashda MedRec loyihasi blockchain yordamida bemor ma'lumotlarini xavfsiz saqlash imkoniyatini ta'minlamoqda. Shuningdek, Voatz kabi loyihalar blockchain texnologiyasidan foydalangan holda xavfsiz ovoz berish tizimlarini joriy etmoqda. Shuningdek, ta'minot zanjiri boshqaruvida blockchainning ta'siri beqiyosdir. Shu sababli, bu maqolada blockchain texnologiyasining tashkilotlarni boshqarish, ayniqsa, ta'minot zanjiri boshqaruvida qanday o'zgarishlar kiritgani haqida so'z yuritamiz.

Blockchain texnologiyasining mohiyati:

Blockchain - bu markazlashmagan va tarqoq jurnal (ledger) texnologiyasi bo'lib, tranzaksiyalarni xavfsiz va o'zgarmas qilib yozib boradi. Har bir blok oldingi blok bilan bog'lanib, zanjir hosil qiladi, shu sababli uning nomi "blockchain" deb ataladi. Bu texnologiya dastlab va hozirda juda mashxur bolgan Bitcoin kabi kriptovalyutalar uchun ishlab chiqilgan bo'lsa-da, hozirda uning qo'llanilish sohalari ancha kengaygan.

Korxonalarda ta'minot zanjirini boshqarishda blockchainning o'rni:

Ta'minot zanjiri boshqaruvida blockchain texnologiyasi bir nechta muhim afzalliklarga ega:

  1. Ochiqlik va izchillik: Blockchain orqali har bir mahsulot yoki xizmatning harakati aniq va o'zgarmas yozib boriladi. Bu esa mahsulotning kelib chiqishini kuzatib borish va har qanday soxtalashtirishni oldini olish imkonini beradi.
  1. Xavfsizlik va ishonchlilik: Har bir tranzaksiya kriptografik xavfsizlik orqali tasdiqlanadi, bu esa ma'lumotlarning o'zgartirilishiga yo'l qo'ymaydi. Shu tufayli, ta'minot zanjirining har bir qadamida ishonch va xavfsizlik kafolatlanadi.
  2. Tezkorlik va samaradorlik: Blockchain texnologiyasi tranzaksiyalarni real vaqt rejimida bajarishga imkon beradi. Bu esa logistika va yetkazib berish jarayonlarida samaradorlikni oshiradi.

Bugungi kunda ko'plab kundalik va strategik ta'minot zanjiri jarayonlarida blockchain texnologiyasi muhim rol o'ynamoqda. Masalan, Nestlé va Walmart kompaniyalari bu texnologiyani oz taminotidagi mahsulot xavfsizligini oshirish va samaradorlikni ta'minlash maqsadida qo'llamoqda. Xususan, IBM, global oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash niyatida yuqoridagi taniqli chakana savdo va oziq-ovqat kompaniyalari bilan birgalikda blockchain texnologiyasini amaliyotga joriy qildi. Ushbu hamkorlik ifloslanish, oziq-ovqatdan kelib chiqadigan kasalliklar va chaqirib olishlar sababli kelib chiqadigan iqtisodiy yo'qotishlar kabi muhim masalalarni hal qilishga qaratilgan edi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan e'lon qilingan oziq-ovqat kasalliklari haqidagi muhim natijalar, bu kabi tashabbuslarga turtki bo'lib, natijalar oziq-ovqat ta’minotida kuzatuv tizimlarini yaxshilash zarurligini ko'rsatdi.

O’z o’rnida esa, IBM platformasi kompaniyalarga mahsulotlarning ifloslanish manbalarini tezda aniqlash va barcha manfaatdor tomonlarga xabar berish imkoniyatini taqdim etadi. Bu jarayon mahsulotlarning harakatini aniq kuzatib borish va kerakli ma'lumotlarni tezda yetkazish orqali amalga oshiriladi, bu esa izchillik va shaffoflikni ta'minlashga yordam beradi[i].

Boshqa bir misolda, Rossiyaning yirik chakana savdo tarmog'idan biri - Magnit, ta'minot zanjirini boshqarishda blockchain texnologiyasini tatbiq etib, ulkan yutuqlarga erishganini keltirish mumkin. Mazkur texnologiya orqali korxonaning taqsimlash markazlari, yuklash maydonlari va sovutkichli transport vositalarida sensorlar o'rnatilib, mahsulotlarning haroratini masofadan kuzatish imkoniyati ta'minlandi. Ta'minot davomida haroratdagi har qanday o'zgarishlar blockchain tizimi orqali darhol mas'ul shaxslarga yetkazilgan, bu esa mahsulot sifatini saqlashni osonlashtirgan. Yuk mashinalarining umumiy haroratini kuzatish bilan bir qatorda, bu malumot almashuv tizimi har bir konteynerning haroratini ham nazorat qilgan. Bu orqali mahsulot yo'qotishlari 10% ga qisqarib, mahsulotning yaroqlilik muddati sezilarli darajada uzaygan[ii].

Shuningdek, blockchain texnologiyasi keng miqyosda va global mahsulot aylanishida qo'llanilishi orqali ham katta natijalarga erishishi mumkin. Xususan, hozirgi zamonda lityum batareyalarining yong'in xavfi ta'minot zanjiridagi jiddiy muammo hisoblanadi. Ushbu mahsulotning ta'minoti odatda quyidagicha tashkil etiladi: xom ashyo avval Janubiy Amerikadan keltiriladi, batareyalar Yaponiya va Koreyada ishlab chiqariladi, so'ngra mahsulotlar Xitoyda yig'iladi va Gonkong portlari orqali transport va bojxona jarayonlari amalga oshiriladi. Murakkab ta'minot tizimi sharoitida, lityum batareyalarining noto'g'ri yoki past miqdorda deklaratsiya qilinishi, sifatsiz batareyalarni aniqlashni yanada qiyinlashtiradi. Shu bilan birga, noto'g'ri deklaratsiya sababli texnik talablarga mos kelmaydigan batareyalar yuklari transport vaqtida kuchli issiqlik tufayli yong'in xavfini oshirishi mumkin va bu yong'inni o'chirish deyarli imkonsiz bo'lib qoladi.

Blockchain texnologiyasi esa bu kabi muammolarni bartaraf etishda juda samarali yechim bo'lib xizmat qilishi mumkin. Ushbu texnologiyaga asoslangan tizim quyidagicha ishlaydi: Standart xabar sintaksisida foydalaniladigan tokenlar (token – bu raqamli hujjat bo'lib, u blockchain tizimida tranzaksiyalarni xavfsiz va shaffof tarzda amalga oshirish uchun ishlatiladi) o'rtasida boshqaruv va xavfsiz ma'lumot uzatish imkoniyati yaratiladi va ma'lumotlar ishonchli tarzda almashinadi. Mazkur tizim mahsulot ta'minoti jarayonida aeroport yoki portda kriptografik bog'langan tarixni hosil qiladi. Bunday tizim batareya ishlab chiqaruvchisidan shu batareya asosida tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchisigacha, logistika va tashish xizmatlari, bojxona, shuningdek, aviakompaniyalar va kemalargacha bo'lgan jarayonlar haqidagi barcha ma'lumotlarni qamrab oladi. Tokenlar har bir bosqichda yangilanadi va har bir bosqichning to'liq kuzatilishini ta'minlaydi. Va eng muhimi, soxta yoki qayta ishlangan batareya ta'minot zanjiriga kirganda, token bu haqida ogohlantiradi. Shu tufayli, bojxona agentlari ta'minot zanjiridagi barcha voqealarning xavfsiz asl nusxalariga ega bo'lib, nomutanosibliklarni aniqlash uchun tekshirish vositalariga ega bo'ladi[iii].

Umuman olganda, ushbu dalillarni ko'plab misollar bilan boyitish mumkin, ammo aniq bir haqiqat shundaki, blockchain texnologiyasi ko'plab sohalarda afzalliklarini namoyon etmoqda va uning keng miqyosda qo'llanilishini tasdiqlamoqda. Shu bois, yaqin yillarda blockchain texnologiyasi yirik korxonalar va undan ham kengroq ko'lamli ta'minot zanjirlarida strategik ahamiyat kasb etishi muqarrar.

Va shubhasiz, O'zbekistonning ta'minot zanjirida ham blockchain texnologiyasidan foydalanish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Oddiy misol tariqasida, O'zbekistonning eksport qatorida muhim o'rin egallovchi qishloq xo'jaligi mahsulotlari ekologik tozaligi bilan mashhur, ammo, ko'plab rivojlangan yirik davlatlarga eksport qilish uchun ushbu holatni tasdiqlash zarurati mavjud. Blockchain texnologiyasi esa mahsulotlarning ekologik tozaligini ishonchli tarzda kuzatish va tasdiqlash imkonini beradi va shu orqali xalqaro bozorda mahsulotlar raqobatbardoshligi ortadi va eksport natijalari ijobiy tarzda namoyon bo'lish imkoniyatini beradi.

Bu kabi ijobiy potentsial o'zgarish faqatgina ushbu texnologiyaning bir ko'rinishidir, aslida, uning ortida ulkan yangiliklar va imkoniyatlar bor, va bu marraga yetish uchun biroz vaqt kifoya bo'ladi.

Muallif: Ta'minot zanjirini boshqarish bo'yicha mutaxassisi Sohibxon SALIXOV 


Manbalar:

[1] Forbes (2017) - "IBM Forges Blockchain Collaboration With Nestlé & Walmart In Global Food Safety" IBM Forges Blockchain Collaboration With Nestlé & Walmart In Global Food Safety (forbes.com)

[1] ScienceDirect (2022) - "Blockchain applications in supply chain management" https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S2199853122008496?via%3Dihub#bb0200

[1] International Insurance Society (2021) - "Microsoft Word - IIS Paper 3.Final.docx” Microsoft Word - IIS Paper 3.Final.docx (internationalinsurance.org)

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты