Huawei 1
Dushanbe shahrida O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida – 17 aprel kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamraislik qildi. Forumda shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 600 dan ortiq vakillari, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari ishtirok etdi. 

Jamshid Xo‘jayev o‘zining qutlov so‘zida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch tufayli so‘nggi yillarda ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikning strategik darajasi sezilarli darajada mustahkamlanganini alohida taʼkidladi. 

Yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshgani qayd etildi. Xususan, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshib, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 750 million dollarga yetdi, yil boshidan esa yana 40 foizga oshdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat iqtisodiyoti salohiyatini hisobga olgan holda, yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi ulkan maqsadlar eʼlon qilindi. 

Bugungi kunda ikki davlat hududida 370 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, vaholanki, 2017-yilda ularning soni atigi 17 tani tashkil etgan edi. Xo‘janddagi “Zelal-tex” ip-kalava va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi hamda Dushanbe shahridagi “Artel” maishiy texnika ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli loyihalar qatoridan joy olgan. “Oybek – Fotexobod” chegara punkti va “Andarxon” savdo-logistika markazida savdo zonasini tashkil etish, Tojikistonning Zarafshon daryosida ikkita GES qurish kabi salmoqli qo‘shma loyihalarning amalga oshirish ishlari faol olib borilmoqda. 

Hamkorlikda ishlash va qo‘llab-quvvatlash tajribasiga asoslanib, munosabatlarni rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari, xususan, metallurgiya va tog‘-kon sanoati, mineral-xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash, shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish, gidroenergetika, mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, agrosanoat kompleksi va yengil sanoat kabi sohalar belgilab olindi. 

O‘z navbatida, Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda ham savdo, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini yuqori baholadi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini faol hamkorlik qilishga, sheriklik aloqalarini o‘rnatishga chaqirdi. 

O‘zbekiston – Tojikiston sarmoyaviy kompaniyasining roli alohida taʼkidlandi, uning resurslaridan foydalanish uchun umumiy qiymati 135 million dollar bo‘lgan 14 ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi. 

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolandi, ular asosida har bir loyihani amalga oshirishning aniq ijrochilari va muddatlarini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga