"Embraer" o'z samolyotlarini O'zbekiston aviakompaniyalariga qulay shartlarda yetkazib berishga tayyorligi bildirildi
Braziliyaning "Embraer" konglomerati ishtirokida “Aviatsiya kelajagi: O‘zbekiston. Embraer kuni” davra suhbati tashkillashtirildi.
Ma’lumot o'rnida, "Embraer" havo kemalarini ishlab chiqaruvchi konglomerat boʻlib, jahon bozorida mintaqaviy o‘rta sig‘imli (150 o‘ringacha) yoʻlovchi tashuvchi havo kemalarini ishlab chiqaruvchi yetakchilardan biri hisoblanadi.
Jahon bozorida “Embraer” tomonidan ishlab chiqarilgan o‘rta sig‘imli yo‘lovchi tashuvchi havo kemalari savdosi 29% ni (Bombardier-23%, Airbus-17%, ATR-14%, Boing-11%) tashkil etadi. Konglomerat tomonidan ishlab chiqarilgan 2 000 dan ortiq havo kemalari 70 dan ortiq mamlakatlarga export qilingan hamda 130 dan ortiq aviakompaniyalar tomonidan foydalanilmoqda.
Tadbirda “Embraer” konglomerati vitse prezidenti Joao Pedro Taborda, Transport vaziri o‘rinbosari J. Choriev, Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari U. Azamov, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan aviakompaniyalar va diplomatik korpus vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida "Embraer" tomonidan ishlab chiqarilayotgan havo kemalari taqdimoti hamda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Joao Pedro Taborda tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida aviatsiya va turizm sohalari shiddat bilan rivojlanayotganligi, aviatsiya bozorida yangi xususiy aviakompaniyalar paydo bo‘layotganligi qayd etilib “Embraer” tomonidan ishlab chiqarilayotgan qisqa va o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo kemalarini mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan aviakompaniyalarga qulay shartlarda yetkazib berishga tayyorligi bildirildi.
Shu bilan birga, tadbir davomida mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonini oshirish va sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida xalqaro aviaqatnovlar yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, hamda o‘rta masofadagi xalqaro va ichki yo‘nalishdagi aviaqatnovlarni joriy etishda “Embraer” tomonidan ishlab chiqarilayotgan havo kemalarining afzalliklari yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot o'rnida "Embraer" kompaniyasi tahlillariga ko‘ra O‘zbekistondan uchuvchi aviaqatnovlarning asosiy qismini Rossiya Federatsiyasiga (42%), Turkiya Respublikasiga (23%), Qozog‘iston Respublikasiga (2%) tashkil etmoqda.
Davra suhbati yakunida “Embraer”ning dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan maxsus targ‘ibot dasturi doirasida E195-E2 havo kemasini joriy yilning iyun oyida mamlakatimizga olib kelishga hamda aviakompaniyalar va turizm sohasi vakillari uchun “Asia connect” tadbirini tashkillashtirishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122611 | Инструменты