Huawei 1
Fransuz kompaniyasi bilan elektr energiyasi sotuvi bo‘yicha uzoq muddatli bitim tuzildi

O‘zbekistonning "Yashil" energetika bo‘yicha istiqbolli hamkorlaridan biri – Fransiyaning "Voltalia" kompaniyasi bilan mamlakatimizda quyosh, shamol stansiyalari va energiya saqlash tizimidan iborat gibrid klaster uchun elektr energiyasi sotish bo‘yicha 25 yillik shartnoma imzolandi. 

Ushbu xorijiy korxona O'zbekistonda energiyani saqlash va agrovoltaika bo‘yicha yangi loyihalar ham amalga oshirmoqda.

"O‘zenergosotish" davlat kompaniyasi ishtirokidagi mazkur kelishuvga Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida erishildi.

Energetika hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari ko‘magida amalga oshirilgan tashabbus Buxoro viloyatida ilgari surilgan "Artemisya" loyihasining bir qismi hisoblanadi. Quyosh-shamol majmuasi 126 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi, 300 MVtli shamol stansiyasi va 100 MVt/200 MVt/soat quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimidan iborat.

2022 yil noyabr oyida "Voltalia" Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston hukumati bilan ushbu gibrid klasterni ishga tushirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. 2023 yil noyabrda Prezident Emmanuel Makronning respublikamizga tashrifi doirasida Samarqandda "Artemisya" loyihasini rivojlantirishning keyingi bosqichlarini belgilab beruvchi protokol tasdiqlangan.

Bugun imzolangan elektr energiyasini sotish to‘g‘risidagi bitim quyosh va shamol energiyasi uchun 25 yil, saqlash quvvatlari uchun 15 yilga mo‘ljallangan. Loyihaning uzoq muddati moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi va mamlakatda elektr energiyasiga nisbatan o‘sib borayotgan ehtiyojni, ayniqsa, iste’molning yuqori cho‘qqisi – ertalab va kechqurun ham qondirishga yordam beradi.

Obyektda yiliga ishlab chiqariladigan elektr energiyasi qariyb 2,5 million aholi talabini qoplashi kutilyapti. Yana bir muhim jihat: loyiha tufayli yiliga 598 000 tonna karbonat angidrid chiqindisi yo‘qoladi.

Qurilish ishlari 2026 yil I chorakda quyosh energiyasi va saqlash tizimi, 2026 yil III chorakda shamol energetikasi uchun rejalashtirilgan.

Bundan tashqari "Voltalia" bilan quvvati 500 MVt- 1 GVt/soat elektr energiyasini saqlash bo‘yicha yirik loyihaning asosiy shartlari yuzasidan kelishib olindi.

2025 yil avgust oyida Toshkent viloyatida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 500 kilovattli agrovoltaik loyihasini esa mamlakatimizdagi birinchi shunday tashabbus sifatida mazkur texnologiyani rivojlantirish uchun sinov vazifasini o‘taydi.

Shu tariqa "Voltalia" respublikaning 2026 yilgacha 8 GVt va 2030 yilgacha 12 GVt qayta tiklanadigan energiya miqdoriga erishish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi.

– Yangi shartnoma O‘zbekiston hukumati tomonidan yuqori samaradorlikka erishish va soha rivojini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida bizga bildirilgan ishonchni aks ettiradi, – dedi "Voltalia" bosh direktori o‘rinbosari Yoni Ammar. – Endi shu ulug‘vor maqsadga sodiq sherik sifatida ayni yo‘nalishni rivojlantirish, moliyalashtirish, qurish va tegishli ob’ektlarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yamiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32021 | Инструменты