O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Guanchjou shahridagi yirik bozorlardan biri — "LIUHUA Market" vitse-prezidenti Pin Chen bilan muzokara o'tkazdi.
Muloqot chog'ida mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish va milliy eksportchilarga ko'maklashish maqsadida Guanchjou shahrida O'zbekiston mahsulotlari shou-rumini ochish istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur shou-rum o'zaro savdoni kengaytirish va O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qayta ishlangan qishloq xo'jaligi va hunarmandchilik, shuningdek, ipak va tekstil mahsulotlari namoyishi uchun muhim joyga aylanadi.
"Mamlakatlarimiz savdo sotiq masalalarida qadimdan hamkorlik qilib kelgan. Bunda Buyuk ipak yo'li muhim ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda iqtisodiy aloqalarimizning yanada rivoj topayotgani, hududlararo hamkorlik amaliy tus olayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Bu jarayonda O'zbekiston tomoni bilan sheriklik aloqalarini o'rnatishga tayyormiz", dedi bozor vitse-prezidenti.
Uchrashuv so'nggida, shou-rum uchun alohida joy ajratish, mazkur maydon orqali taqdim etiladigan mahsulotlarni "LIUHUA Market" onlayn platformasida ham savdosini yo'lga qo'yish to'g'risida kelishib olindi.
"LIUHUA Market" Guanchjou shahrining markaziy qismida joylashgan. Bozor 30 ming kv.m. maydonni egallagan. Ushbu bozor nafaqat shahar aholisiga, balki boshqa provinsiyalar va xorijiy xaridorlarga xizmat ko'rsatadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122217 | Инструменты