Narxlarning saqlanib qolayotgan o‘sishi rivojlangan mamlakatlar aholisining noroziligini keltirib chiqarishda davom etmoqda va inflyatsiya me’yoriy darajagacha pasayishni boshlagan bo‘lsa-da, hukumatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazmoqda, deb yozdi Financial Times.
Iqtisodiy vaziyatdan norozilik respublikachi saylovchilar uchun asosiy turtki bo‘ldi, bu Donald Trampning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishiga yordam berdi. Yashash narxlarining yuqoriligi ham bu yil Buyuk Britaniya va Yaponiya hukmron partiyalarining mag‘lubiyatiga olib keldi. Inflyatsiya merosi kelgusi yilda — Germaniya va Kanadadagi saylovlarda ham muhim rol o‘ynaydi, deb ta’kidlaydi FT.
2019-yil dekabr oyidan boshlab rivojlangan mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi qariyb 50 foizga oshdi, o‘rtacha soatbay ish haqining o‘sishi esa bunga mutanosib emas. IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) mamlakatlarining yarmidan ko‘prog‘ida inflyatsiya darajasi 2 foizgacha tushib, maqsadli ko‘rsatkichga yaqinlashgan bo‘lsa-da, ko‘plab yirik iqtisodiyotlardagi real daromadlar endigina COVID pandemiyasidan oldingi darajadan oshdi.
“[Iste’molchilar] kommunal xizmatlarga yoki haftalik oziq-ovqat xaridlariga qancha pul sarflayotganlarini ko‘rib, xarajatlar kamaymayapti, shuning uchun hayot qiymati inqirozi hali ham davom etmoqda, degan xulosaga kelmoqda”, — deb tushuntirdi Capital Economics konsalting kompaniyasi iqtisodchisi Pol Deyls.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, iste’molchilar (saylovchilar) eski narxlarni bir yarim yil va undan ko‘proq vaqt davomida eslab qolishga moyil, yuqori narxlarni esa “adolatsiz” deb bilishadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi marta yuqori inflyatsiya rivojlangan iqtisodiyotlarda 1970-yillarda kuzatilgan.
Amxerstdagi Massachusets universiteti iqtisodiyot professori Izabella Veberning so‘zlariga ko‘ra, tarixiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, “inflyatsiyaning yuqorilashi” butun boshli jamiyatlar va siyosiy tizimlarni beqarorlashtirishi mumkin.
Masalan, Germaniyada narxlar o‘sishi fonida o‘ta o‘ng “Germaniya uchun alternativa” va so‘l radikal “Sari Vagenknext Alyansi”ning obro‘si oshib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, ular bo‘lajak saylovlarda barcha ovozlarning chorak qismigacha ovoz olishi mumkin — bu 1920-yillardan beri Germaniyadagi o‘ta o‘ng va so‘llar uchun misli ko‘rilmagan darajadagi qo‘llab-quvvatlashdir.
Kelgusi yili ham saylovlar o‘tkaziladigan Kanadada konservativ yetakchi Per Pualevr bosh vazir Jastin Tryudoni tanqid qilish uchun, garchi u yerda inflyatsiya 1,6% ga tushgan bo‘lsa ham, yashash narxlari inqirozidan foydalanadi.
Xuddi shunday holat Buyuk Britaniyada ham kuzatilmoqda, u yerda so‘rovda qatnashgan 10 nafar britaniyalikning 9 nafari mamlakatdagi hayot darajasining inqirozini “eng muhim muammo” deb atadi, garchi u yerda inflyatsiya darajasi uch yillik minimum 1,7% gacha pasaygan bo‘lsa-da.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111422 | Инструменты