O‘zbekistonda yanvar oyining 8 kunida davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 2,3 barobar oshib, defitsit ko‘rsatkichi 5,54 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Gazeta.uz Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
Unda aytilishicha, 2023-yilda vazirlik davlat budjeti daromadlari va tushumlari, shuningdek, xarajatlari to‘g‘risidagi atigi 8 kunlik (4−6 yanvar va 9−13 yanvar) ma’lumotlarni e’lon qilgan.
Ma’lum bo’lishicha, ushbu davrdagi daromadlar 4,37 trillion so‘mni tashkil etgan, bu 2022-yilning 8 kunidagi daromadga nisbatan 18,9 foizga (5,39 trillion so‘m) va 2021-yilga (4,26 trillion so‘m) nisbatan 2,6 foizga kam hisoblanadi. Xarajatlar 73,6 foizga o‘sgan — 2022-yildagi 5,7 trillion so‘mdan 9,9 trillion so‘mgacha.
Agar 2021-yilning 8 kunida taqchillik 270,8 milliard so‘mni, 2022-yilning 8 kunida 318 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 5,54 trillion so‘mga yetgan (mos ravishda 17,4 va 20,4 barobar ko‘p). Raqamlar 2023-yilga rejalashtirilgan davlat budjeti taqchilligining 22 foiziga yetib ulgurgan — 25,13 trillion so‘m.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu holatni oyning birinchi haftasi davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘liq moliyalashtirish hamda yil boshida odatda budjet tushumlarining kam bo‘lishi bilan izohladi.
Qayd etilishicha, 2023-yilning yanvar oyidagi anomal sovuq hamda energiya resurslariga talabning keskin oshishi tufayli xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmlariga salbiy ta’sir qilgan. Bu qariyb 30 ming tadbirkorlik subyektlarining soliq qarzdorligini 1,2 trln so‘mga o‘sishiga olib keldi va budjet tushumlarining to‘liq tushishiga salbiy ta’sir qildi.
Ushbu sharoitda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 3-fevraldagi qarori bilan ularning soliq qarzdorliklari bo‘yicha penya hisoblashni to‘xtatish, soliq qarzdorliklarini bo‘lib to‘lash, moddiy javobgarliklarga tortmaslik, kredit to‘lov muddatlarini uzaytirish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kredit olish shartlarini yengillashtirish kabi choralar belgilandi. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlari faolligini qayta tiklashga va kelgusi oylarda budjet tushumlarini ko‘payishiga turtki bo‘ladi.
Shu bilan birga, 2023-yil uchun belgilangan daromadlar prognozini bajarilishini ta’minlash maqsadida, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
"Budjet daromadlari 2022-yilning yanvar oyida 13,4 trln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil yanvarida 14,9 trln so‘mni tashkil qildi. Soliq qarzdorligi oshmagan taqdirda daromadlar o‘sish sur’atining yuqoriroq bo‘lishi kutilgan", deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, budjet taqchilligini yillik tasdiqlangan ko‘rsatkich doirasida bo‘lishini ta’minlash uchun, odatda, yil davomida soliq-budjet sohasida tegishli choralar ko‘riladi. Moliya yili ichida esa daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut o‘zgarib turishi mumkin.
Bugungi kunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan doimiy ravishda e’lon qilib boriladigan ma’lumotlar ro‘yxati, ularning davriy chop etishning aniq sanalari (iqtisodiy kalendar) ishlab chiqilayotgani va bu bo'yicha yaqin kunlarda rasmiy axborot berilishi ma'lum qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10823 | Инструменты