O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "MK Tron Group" kompaniyalar guruhi asoschisi va ijrochi raisi Mutxukumar Ayarpadde bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda kompaniya O'zbekistonda to'qimachilik, sog'liqni saqlash, farmatsevtika, mehmonxona boshqaruvi, xalqaro ta'lim, kichik va o'rta biznes uchun fond birjasi sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Mutxukumar Ayarpadde mahalliy hamkorlar bilan birgalikda O'zbekistonda bir qator loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Toshkent shahrida reabilitatsiya markazini tashkil etish va xalqaro standartlar bo'yicha boshqaruvni yo'lga qo'yish, respublika hududlarida buyrak kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan dializ markazini hamda ko'p funksiyali klinikalarni tashkil etish, farmatsevtika mahsulotlarini qo'shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro sog'lomlashtirish va estetik tibbiyot institutining ildiz hujayralarini davolash sohasida hamkorlik qilish va Toshkent shahrida maxsus laboratoriya tashkil etish kabi loyihalar shular jumlasidandir.
"Kapital DX" kompaniyasi O'zbekistonda kichik va o'rta biznesga xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beruvchi maxsus onlayn platformani yaratish va boshqarish bo'yicha hamkorlikni taklif qildi.
"Indah Atelier" kompaniyasi esa Malayziyaning batik san'atini O'zbekistonning mashhur ikat va so'zana kashtalari bilan uyg'unlashtirgan holda qo'shma modalar kolleksiyasini birgalikda ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.
"MK Tron Group" kompaniyasi 1992-yilda tadbirkor Mutxukumar Ayarpadde tomonidan asos solingan. Kompaniya avtomobil ehtiyot qismlari, sanoat va maishiy gaz ballonlari, alyuminiy qotishmalaridan quymalarni ishlab chiqarish, sog'liqni saqlash, IT texnologiyalar sohalarida Malayziya, Hindiston, Meksika va Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya davlatlarida faoliyat yuritadi.
"Kapital DX" va "Indah Atelier" kompaniyalari "MK Tron Group" guruhi tarkibiga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31208 | Инструменты