Huawei 1
JSST: Har yili havo ifloslanishi oqibatida 7 millionga yaqin odam vafot etmoqda

Dunyoning aksariyat shaharlarida havo ifloslangan va faqat ularning 17 foizi tegishli talablarga javob beradi. Bu haqda Associated Press tomonidan e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Shveytsariyadagi IQAir havo sifatini monitoring qilish bazasi dunyoning 138 ta davlatida joylashgan 40 mingta monitoring stansiyasi ma’lumotlarini tahlil qilib chiqqan. Natijada eng iflos havoga ega shaharlar Chad, Kongo, Bangladesh, Pokiston va Hindistonda joylashgani aniqlangan. Xususan, dunyodagi havosi eng iflos to‘qqizta shaharning oltitasi Hindiston hisobiga to‘g‘ri keladi.

Ekspertlarning ma’lum qilishicha, havoning ifloslanishiga oid haqiqiy ko‘rsatkichlar bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin, chunki dunyoning aksariyat nuqtalarida kerakli ma’lumotlarni olishga yordam beradigan monitoring mavjud emas. Masalan, Afrikada har 3,7 million kishiga faqat bitta monitoring stansiyasi to‘g‘ri keladi.

Hisobotda aytilishicha, ushbu muammoga qarshi kurashish uchun monitoring qurilmalari ko‘proq o‘rnatilmoqda. Joriy yilda hisobot mualliflari 8954 ta yangi nuqtadagi ma’lumotlardan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan.

Malayziyadagi Sunway planetar salomatlik markazi eksperti va bosh ilmiy xodimi Fotima Ahmadning aytishicha, uzoq vaqt davomida ifloslangan havodan nafas olish respirator kasalliklar, alsgeymer va saratonni yuzaga keltirishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ifloslangan havo oqibatida har yili 7 millionga yaqin odam vafot etmoqda.

«Agar suvingiz bo‘lmasa, odamlarga kuniga yarim soat kutib turishni va suv kelishini aytishingiz mumkin. Ammo havo yomon bo‘lsa, odamlarga nafas olmang deya olmaysiz», — deydi Ahmad.

Ta’kidlanishicha, Pekin, Seul, Janubiy Koreya va Polshaning Ribnik kabi bir qancha shaharlari transport vositalari, elektr stansiyalari va sanoatdagi ifloslanishni qat’iy tartibga solish orqali havo sifatini yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan. Ular, shuningdek, nisbatan toza energiyani targ‘ib qilgan va jamoat transportiga investitsiya kiritgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31210 | Инструменты