Huawei 1
O‘zbekiston 2030-yilga borib YAIMni 200 mlrd dollarga yetkazishi mumkinligi aytildi

O‘zbekiston hukumati 2030-yilgi yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha prognozni yaxshilab, 160 mlrd dollardan 200 mlrd dollargacha ko‘tarishi mumkin. Bu haqda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar masalasida prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishdan keyin iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov maʼlum qildi.

“Prezidentimiz 2030 yilga borib YAIMni 160 emas, bemalol 200 mlrd dollargacha olib chiqishimiz, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMni 4000 dollar emas, 5000 dollardan ham ko‘proq miqdorga olib chiqish imkoniyatlarimiz borligini ko‘rsatib berdilar”, – dedi Norqulov “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiya bo‘yicha prognozlar ham qayta ko‘rib chiqilgan.

“Prezidentimiz tomonidan 2025 yildagi davlat byudjetini shakllantirish va uning ijrosini taʼminlashda tejamkorlik va barqarorlikka rioya etish, eng asosiysi, davlat byudjeti taqchilligini 3 foizgacha tushirish, inflyatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik vazifasi qo‘yildi. Inflyatsiya 2026 yilda 5-6 foiz darajasida saqlanishi va 2027 yildan boshlab 5 foiz va undan past bo‘lishi kutilyapti”, dedi vazir o‘rinbosari.

Ilhom Norqulovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning suveren reytingini investitsion darajaga olib chiqish bo‘yicha ham topshiriq berilgan. U 2024 yil yakunlari bo‘yicha YAIM hajmi 111 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini aytdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101817 | Инструменты