Huawei 1
O‘zbekiston davlat qarzi kelasi yilda 45 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda

O‘zbekiston davlat qarzi 2025-yil yakunida 45,1 milliard dollarga yetishi pronoz qilinmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Fuqarolar uchun byudjet” hisobotida keltirilgan.

Qayd etilicha, joriy yilda yangilangan hisob–kitoblarga ko‘ra, davlat qarzi 39,7 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

“2025-yilga kelib, davlat qarzi 45,1 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,7 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda”, —deyiladi vazirlik axborotida.

Manbaga ko‘ra, 2024-yil yakunida davlat tashqi qarzini jalb qilish bo‘yicha yangidan imzolanadigan shartnomalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etiladi. Shundan 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalariga, 2,5 milliard dollari byudjetni qo‘llab–quvvatlashga yo‘naltiriladi.

2025-yilda esa qariyb 5,5 milliard dollarlik davlat tashqi qarzini jalb qilish rejalashtirilgan. Mazkur kredit mablag‘larininng 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalari, 3 milliard dollari esa byudjetni qo‘llab quvvatlash uchun sarflanishi kutilmoqda.

2024-yil 1-iyul holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 37 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil qilgan. Shundan davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar (YAIMning 27,7 foiziga teng), davlat ichki qarzi 6,1 milliard dollarga (YAIMga nisbatan 5,5 foiz) yetgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yil 1-iyul holatiga davlat qarzi mablag‘lari quyidagi tarmoqlarga sarflanganini maʼlum qilgan:

  • davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga — 13 milliard dollar;
  • energetika loyihalariga — 5,7 milliard dollar;
  • qishloq va suv xo‘jaligi loyihalariga — 2,8 milliard dollar;
  • transport loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
  • uy-joy kommunal xo‘jaligi loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
  • sog‘liqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari loyihalariga— 2,3 milliard dollar;
  • boshqa sohalarga — 1,7 milliard dollar.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘z hisobotida O‘zbekiston davlat qarzi va mamlakatning umumiy tashqi qarzi bilan bog‘liq xatarlarni past darajada baholangan.

Oxirgi 5-yilda respublikada davlat qarzi miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 30 foizdan yuqori darajada shakllanib kelmoqda. Prognozlarga qaralsa, bu tendensiya davomli bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, 2024-yil yakunida davlat qarzi YAIMga nisbatan 35,5 foiz, 2025–2027-yillarda 36,7–37 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilingan. Byudjet qonunida davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111901 | Инструменты