Huawei 1
O‘zbekistonda elektron tijorat ishtirokchilari uchun foyda solig‘i stavkalari oshiriladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini maʼlum qildi. Unga ko‘ra, kelasi yilda O‘zbekistonda quyidagi asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi:

  • foyda solig‘i (15 foiz);
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i (12 foiz);
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz);
  • yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i (1,5 foiz);
  • aylanmadan olinadigan soliq (4 foiz).

Shu bilan birga, ayrim turdagi soliq stavkalari o‘zgaradi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollanma xodimlari uchun ijtimoiy soliq 1 yilga BHMning 6 baravaridan 1 baravariga pasaytiriladi. Mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinadi.

Elektron tijorat ishtirokchilari uchun foyda solig‘i stavkalari esa 7,5 foizdan 10 foizga, aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 2 foizdan 3 foizga oshirilmoqda.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan sanoat, xizmatlar va qurilish sohalari uchun suv solig‘i stavkasi tenglashtirilmoqda. Bunda, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish (o‘stirish) uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (100 so‘m) o‘zgarishsiz qolmoqda.

Import qilingan tabiiy gazni isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i solinmasligi bo‘yicha tartibni bekor qilgan holda, aksiz solig‘i stavkasini 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111823 | Инструменты