Huawei 1
O‘zbekiston iqtisodiyotning asosiy sohalarida biznes muhitining ijobiy dinamikasini namoyon qilmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) joriy yil avgust oyi uchun biznes muhiti tahlili natijalarini e’lon qildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, biznesning hozirgi holati va yaqin kelajakdagi rivojlanish bo‘yicha kutilmalarni aks ettiradigan Biznes muhiti indeksi shakllantirildi.

Biznes muhiti tahlili

Avgust oyida umumiy biznes muhiti indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 punktga o‘sib, 55 bandni tashkil etdi. Bu o‘sish asosan hozirgi faollikning o‘sishi hisobiga kuzatildi. Biznes muhitining joriy holati indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 bandga o‘sib, 49 bandni tashkil etdi.

Joriy holat indeksi tadbirkorlarning amaldagi vaziyatga, ya’ni sotuvlar, ish bilan ta’minlash, talab, resurslarga yetarli kirish imkoni va faoliyat muhitining barqarorligi kabi omillarga nisbatan munosabatini aks ettiradi.
Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 67 banddan 62 bandgacha biroz pasaygan bo‘lsa-da, hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa tadbirkorlarning kelajakka bo‘lgan ishonchi barqaror ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda biznes-muhiti dinamikasi

O‘zbekistonda tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, barqaror ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Joriy yil avgust oyida o‘z biznesining joriy holatini "yaxshi" deb baholagan respondentlar ulushi o‘tgan yil avgust oyidagi 41%dan joriy yil 45% gacha o‘sdi. Shu bilan birga, respondentlarning 39% so‘nggi uch oyda biznes ko‘rsatkichlari yaxshilangannini ta’kidlagan bo‘lsa, 41% talab o‘sganligini bildirgan.

Kelgusi oylarga oid kutilmalar ham yuqori darajada saqlanmoqda. Xususan, respondentlarning 69% yaqin uch oy ichida o‘z biznesi o‘sishda davom etishiga ishonmoqda, 62% qo‘shimcha talab o‘sishini kutmoqda, 53% esa ishchilar soni ko‘payadi, deb prognoz bermoqda.

Sektor tahlili

Avgust oyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi biznes muhiti sektorning pozitsiyalari mustahkamlanayotganini va tadbirkorlar ishonchi ortayotganini ko‘rsatdi. Oy davomida indeks 7 bandga o‘sib, 57 bandni tashkil etdi va o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1 bandga yaxshilandi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida tadbirkorlarning 50% o‘z biznesi holatini "yaxshi" deb baholagan, bu esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 10 bandga yuqori. Shu bilan birga, respondentlarning 42% so‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini qayd etgan. Qishloq xo‘jaligidagi istiqboldagi kutilmalar indeksi 68 bandga yetdi.

Sanoatda ishlab chiqarish faolligining jonlanishi kuzatildi. Jumladan, biznes-muhitining joriy holat indeksi 3 bandga o‘sib, 41 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, umumiy indeks 2 bandga pastlab, 48 bandni tashkil etdi.
Sanoatdagi tadbirkorlarning deyarli yarmi vaziyatni qoniqarli deb baholagan. Ishchilar sonining o‘sishi (28%) ish o‘rinlari kengayayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, respondentlarning 70% biznesining yaqin kelajakda yaxshilanishiga ishonmoqda.

Xizmatlar sohasida biznes-muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 5 bandga yaxshilanib, 57 bandga yetdi. E’tiborli jihati shundaki, joriy holat indeksi 16 bandga oshib, 52 ga yetgan.

Tadbirkorlarning yarmi (47%) o‘z biznesining joriy holatini "yaxshi" deb baholagan. Respondentlarning uchdan biridan ko‘prog‘i (39%) so‘nggi uch oyda yaxshilanganini qayd etgan. Shu bilan birga, bozor ishtirokchilarining chorak qismi (26%) yaqin uch oyda sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmasligini taxmin qilgan.

Qurilish tarmog‘ida biznes-muhiti o‘tgan yilga nisbatan 5 bandga o‘sib, 61 bandga yetgan. Joriy holat indeksi 15 bandga oshib, 60 bandni tashkil etgan — bu biznes faolligining sezilarli darajada yaxshilanayotganini ko‘rsatadi. Joriy faoliyatdagi ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, istiqboldagi kutilmalar indeksi biroz pasayib, 62 bandni tashkil etdi.

So‘rovga ko‘ra, tarmoqdagi tadbirkorlarning 37% so‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini ma’lum qilgan, bu o‘tgan yilning avgust oyidagi ko‘rsatkichdan 8 foiz bandga ko‘p. Yanada muhimrog‘i — respondentlarning 69% yaqin oylarda biznes holati yanada yaxshilanishini kutayotgan bo‘lsa, bir yil oldin bu ko‘rsatkich 61%ni tashkil etgan edi. 

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar shakllanmoqda. Bandlik sohasidagi ijobiy kutilmalar, ichki talabning kengayishi hamda qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmatlar va qurilish kabi asosiy tarmoqlarning mustahkamlanishi kelgusidagi o‘sish uchun zamin yaratmoqda. Ayrim kutilmalardagi tuzatishlarga qaramasdan, biznes kelajakka ishonch bilan qaramoqda. Bu esa investorlar uchun muhim signal va mamlakat iqtisodiy barqarorligining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda o‘tkazilgan so‘rovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. So‘rovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholaydilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91116 | Инструменты