O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yilgacha yakunlash uchun tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan muzokaralarni tezlashtirish niyatida, deya xabar qildi JST matbuot xizmati.
5−6-dekabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 9-yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili, bosh muzokarachi Azizbek Urunov, shuningdek, boshqa rahbarlar, jumladan, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ishtirok etdi. Turli vazirlik va idoralar vakillari muhokamalarga Toshkentdan turib, onlayn tarzda qo‘shildi.
Bosh vazir o‘rinbosari o‘zining kirish so‘zida O‘zbekiston uchun JSTga a’zo bo‘lish jarayoni “nafaqat texnik masala, balki kengroq ichki islohotlar uchun kuchli katalizator” ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u 2024-yil may oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning 8-yig‘ilishida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yilgacha yakunlash bo‘yicha e’lon qilingan katta maqsadni tasdiqladi.
“Bu maqsad nafaqat xalqaro hamkorlarimiz uchun bayonot, balki barcha manfaatdor tomonlar va O‘zbekistonning biznes hamjamiyati uchun aniq signal bo‘ldi. Bu mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishi muqarrarligini ko‘rsatdi va mahalliy manfaatdor tomonlarga amalga oshirilayotgan islohotlarga moslashish va jahon savdo tizimiga integratsiyalashuv bilan bog‘liq yangi chaqiriqlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur vaqt berdi”, — dedi Xodjayev.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston “JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha barqaror yo‘nalishni saqlab qolgan holda, ulkan islohotlarni” davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi. Kelgusi yilda mamlakat qolgan muzokaralarni hamda o‘zining huquqiy va me’yoriy bazasini JST kelishuvlari bilan uyg‘unlashtirishni yakunlash bo‘yicha harakatlarini kuchaytiradi.
“Biz 2026-yilga borib O‘zbekiston nafaqat JSTning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi, balki iqtisodiy barqarorlik va inklyuzivlikka hissa qo‘shgan holda ko‘p tomonlama savdo tizimiga muvaffaqiyatli integratsiya namunasi bo‘lishi uchun harakat qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Bosh muzokarachi Azizbek Urunov ikki tomonlama muzokaralarda sezilarli siljish kuzatilayotganini qayd etdi. Ishchi guruhning 8-yig‘ilishidan buyon O‘zbekiston JSTga a’zo to‘qqizta davlat bilan muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi va yakunlangan ikki tomonlama muzokaralarning umumiy soni 22 taga yetdi.
“Bu barcha ishtirokchi tomonlarning ishiga sodiqligi va qattiq mehnatining dalolatidir. Mazkur kelishuvlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlash uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonchimiz komil”, — dedi u.
JST bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan so‘nggi yig‘ilishdan keyingi ijobiy o‘zgarishlarni, ayniqsa, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi. U O‘zbekiston prezidentining 3-iyundagi mamlakatning ayrim qonunlari va chora-tadbirlarini JST qoidalariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi PF-85-sonli farmonini qayd etib o‘tdi, bu hujjat “tashkilot a’zolarining xavotirlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bo‘lganини” aytdi.
“Ushbu farmon islohotlarni jadallashtirish uchun katalizator bo‘ldi va uni amalga oshirish davom etayotganidan mamnunman. Ishonchim komilki, bu sa’y-harakatlar Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadiga erishish uchun amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish zarur, deya hisoblovchi prezident Shavkat Mirziyoyevning qarashlarini aks ettiradi. Iyun oyi boshida Toshkentga tashrif buyurgan JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bu jarayonga katta qiziqish bildirishda davom etmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ishchi guruh raisi, Koreya Respublikasi elchisi Yun Son Dok ishchi guruh yig‘ilishlari orasidagi vaqtda davomida “tezkor, uzluksiz va texnik yo‘naltirilgan” ish olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, bu sur’at ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama masalalarda erishilgan sezilarli yutuqlarga asoslanadi. Shuningdek, u prezident Shavkat Mirziyoyevning a’zolik jarayoniga dinamika qo‘shishdagi bevosita ishtirokini alohida qayd etib o‘tdi.
Elchi Yun guruh a’zolariga va O‘zbekistonga taraqqiyotga erishish, ayniqsa, mamlakatning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlashi uchun kelgusi oylarda amalga oshirishi lozim bo‘lgan zaruriy choralarni tushunish borasidagi konstruktiv hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
So‘ng esa u O‘zbekiston va ishchi guruh a’zolarini 2025-yilda sezilarli yutuqlarga erishish uchun keyingi yil bahorida chaqirilishi mumkin bo‘lgan navbatdagi yig‘ilishgacha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121216 | Инструменты