Huawei 1
O‘zbekiston noyabr oyida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumiga mezbonlik qiladi

Noyabr oyida O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi va investorlar forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi elchisi Toyvo Klaar 12-may — Yevropa kunini nishonlash marosimida ma’lum qildi.

[Ushbu forumlarda] yangi biznes imkoniyatlari ochiladi", — dedi diplomatik missiya rahbari.

Ikki mintaqa o‘rtasidagi birinchi iqtisodiy forum 2021-yilda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda, ikkinchisi 2023-yilda Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti doirasida Yevropa Ittifoqi to‘rtta sohani: transport yo‘laklari, muhim xomashyo, yashil energetika va sun’iy yo‘ldosh internetini rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo uchun 12 milliard yevrolik investitsiya paketini e’lon qilgandi.

Toyvo Klaar, shuningdek, YeI inson huquqlari bo‘yicha navbatdagi muloqotni intiqlik bilan kutayotganini ta’kidladi. Ushbu tadbir har yili o‘tkazilib, unda penitensiar tizim, qiynoqlar va shafqatsiz muomalalarning oldini olish, mehnat huquqlari, fuqarolik jamiyati, uyushmalar va tinch yig‘ilishlar erkinligi, ayollar va bolalar huquqlari, so‘z, din va e’tiqod erkinligi kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun joriy yilda Bryusselga tashrifini ham kutmoqda.

“Ushbu tarixiy tashrif Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘plab sohalarda chuqurlashadigan, diversifikatsiya va modernizatsiya qilinadigan munosabatlarda yangi sahifa ochadi”, — dedi Yevropa Ittifoqi elchisi o‘z nutqida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51421 | Инструменты