2030-yilga qadar kichik va o‘rta biznesning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda

Taqdimotda 2017-yildan buyon mamlakatda 11 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilgani qayd etilib, endilikda barqaror va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda o‘rta sinf qatlamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bugungi kunda mikro, kichik va o‘rta biznes band aholining 75 foizini qamrab olgan bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 55 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, yirikroq toifaga o‘tayotgan mikrokorxonalar ulushi atigi 4 foizga (xalqaro mezonlardan qariyb 4 barobar past), axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sug‘urta kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznesning ulushi esa 8 foizga teng.

Shu munosabat bilan tadbirkorlarga biznesni boshlashdan tortib, uni kengaytirish va tashqi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda kompleks xizmatlar ko‘rsatish taklif etildi. Korxona ehtiyojidan kelib chiqib, kredit, kafolat, kafillik, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish hamda kapitalga investitsiya kiritish instrumentlari kengaytiriladi, shuningdek, o‘qitish, maslahat berish va eksportga chiqishda ko‘maklashiladi.

Markaziy bank tomonidan kreditga layoqatlilikni baholashning muqobil usullarini joriy etish, banklar va moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarga bir ariza orqali bir nechta bankning kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish, shuningdek, moliyaviy nizolarni suddan tashqari hal etish mexanizmlari taklif qilindi.

Respublikadan mahallagacha bo‘lgan vertikal tizim doirasida hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislari, tumanlarda mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilmoqda. Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor ko‘rsatkichlaridan sifat mezonlariga — tashkil etilgan korxonalarning barqarorligi, ish o‘rinlarining doimiyligi va tovar aylanmasining o‘sishiga o‘tiladi.

Aholi daromadlarini oshirish maqsadida hududlarda umumiy qiymati 81 trillion so‘mlik mingta loyihani amalga oshirish orqali 320 mingta ish o‘rni yaratish, mahallalar ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish belgilangan. Ushbu chora-tadbirlar natijasida 2030-yilga qadar:

— mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq toifaga o‘tish sur’atlarini ikki barobar oshirish;

— ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga, o‘rta sinf ulushini esa 90 foizga yetkazish;

— kafolat va kafillik asosida berilgan kreditlar ulushini 1 foizdan 12 foizga, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini 17 foizdan 35 foizga ko‘tarish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, bandlik xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda davlat mehnat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi. Davlat rahbari mutasaddilarga tashabbuslarni puxta ishlab chiqib, islohotlarning yangi bosqichida vazirlik va idoralarning aniq vazifalarini belgilash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112519 | Инструменты