Huawei 1
O‘zbekiston va Misr to‘siqlarni bartaraf etish hisobiga tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga yetkazmoqchi

24-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish doirasida bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidan oldin ikki davlat delegatsiyalari rahbarlarining - O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Misr tomoni Misrning rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  

Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va  munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari, investitsiyalar jalb qilish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha maqsadli yo‘nalishlar belgilab olindi.

Xususan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oshgani, va bu ijobiy tendensiya joriy yilda ham izchil davom etayotgani qayd etildi. Ip-kalava, neft, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, elektrotexnika jihozlari, agrosanoat mahsulotlari yetkazib berish hamda xizmatlar hajmi deyarli ikki baravarga oshgani kuzatildi.

O‘zbekistonda Misr kapitali ishtirokidagi 15 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda Misr kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlari, ichimlik suv bilan ta'minlash va oqova tizimlarini modernizatsiya qilish yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyaning 7-majlisi doirasidagi ishlarni davom ettirdilar.

Yig‘ilishda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining amaldagi kelishuvlar ijrosi yuzasidan hisobotlari tinglandi. Loyihalarning har bir bosqichi atroflicha tahlil qilinib, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha samarali yechimlar ishlab chiqilib, muddatlar belgilanib, mas’ul shaxslar belgilab olindi.

Kun dasturi ikki mamlakatning 150 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi biznes-forum bilan davom etdi. Xususan, Misr tomonidan El Sewedy Electric, Hassan Allam Holding, ACDIMA, EPICO, Nile sugar, Badawy Group, Masriya machine, Ebtkarat Smart Systems, Solyphar, Al Farouk For Import & Export va boshqa kompaniyalar ishtirok etdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov o‘z kirish so‘zida ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish va mintaqaviy bozorlar sig‘imi, transport-logistika imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish asosida savdo hajmlarini keskin oshirish muhimligini ta’kidladi.

Biznes-forum davomida O‘zbekistonning hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyati taqdim etildi, raqamli texnologiyalar, ta'lim, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida yuqori sof keltirilgan qiymat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan aniq investitsiya tashabbuslari va loyihaviy takliflari taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimiz sarmoyaviy va sanoat salohiyatining asosiy jihatlari haqida so‘z yuritildi.

Dastur doirasida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda tadbirkorlar yangi, foydali aloqalar o‘rnatishga, o‘zaro manfaatli loyihalar va savdo shartnomalarini birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston-Misr hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 7-yig‘ilishi Bayonnomasi va bir qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi. Ular orasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi texnik hamkorlik, Samarqand viloyati va Aleksandriya viloyati o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik, Misrning Qadimiy Yodgorliklar oliy kengashi va O‘zbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi hamkorlik, Ayn-Shams universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va ACDIMA kompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumlari o‘rin olgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122810 | Инструменты