Huawei 2
O‘zbekistonda shakar narxi oshishi haqidagi xabarlar rad etildi

O‘zbekistonda shakar narxini barqaror saqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, narxlar keskin o‘sishi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki bozorda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar, xususan, shakar mahsuloti realizatsiyasi doimiy tahlil qilib boriladi.

2024-yil 16-apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi 20 foizga (2 100 tonnadan 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlang‘ich narxi 6 foizga (13 600 so‘mdan 12 860 so‘mga) pasaytirildi.

Respublikaning dehqon bozorlarida tashkil etilgan elga xizmat rastalari va yirik savdo tarmoqlarida shakar mahsulotining chakana narxi 1 kilogramm uchun 13 000 so‘mdan sotilishi ta’minlanayotgan bo‘lsa, boshqa savdo do‘konlarda o‘rtacha 13 200—15 000 so‘mni tashkil etmoqda. 

Shakar mahsulotining birja savdolaridagi narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga pasaygan bo‘lsa, bozorlardagi chakana narx o‘zgarishsiz qolgan. 

“Narxlarni barqaror saqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, narxlar keskin o‘sishi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Shu sababli internet tarmoqlarida tarqatilayotgan to‘liq o‘rganilmagan xabarlarga asosan xavotirga tushmasligingizni so‘rab qolamiz”, — dedi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov.

Shuningdek, qo‘mita tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda shakar mahsulotining chakana narxlari yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatilganini qayd etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 63002 | Инструменты