Huawei 1
O‘zbekistonda YAIMning real o‘sishi 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda

Markaziy bank Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyat va moliya sektorining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan panel sessiyasini o‘tkazdi. Tadbirda Markaziy bank raisi o‘rinbosari B.Hamrayev mamlakatimizdagi makroiqtisodiy vaziyat, inflyatsiya darajasini pasaytirish va moliya sektorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan strategiyalar va iqtisodiy siyosatga doir maʼlumotlarni taqdim etdi.

– Mamlakatimizdagi tarkibiy islohotlar hisobiga iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, 2024 yilda va o‘rta muddatli istiqbolda YAIMning real o‘sishi 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda, – deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari B.Hamrayev. – O‘sishning muhim omillaridan biri xususiy investitsiyalar bo‘lib, ular asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga 2024 yilda sezilarli darajada oshdi.

Sessiyada bank-moliya sohasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va masʼul ekspertlari ishtirok etib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda erishilayotgan yutuqlar jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini taʼkidladi. Xususan, moliyaviy ommaboplik va mikromoliya bozorini rivojlantirishga qaratilgan so‘nggi tashabbuslar, chakana bank xizmatlarini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar va raqamli banklar uchun yaratilgan imkoniyatlar, naqd pulsiz to‘lovlar hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash yo‘nalishlaridagi saʼy-harakatlar hamda mamlakatga yirik xalqaro investorlarni kengroq jalb qilish yuzasidan maʼruzalar tinglandi.

Osiyo taraqqiyot banki eksperti Endryu Makkartni OTB O‘zbekistonda moliyaviy ommaboplikni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etayotganini, buning natijasida aholi va biznes subyektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengayib borayotgani va bu, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni kamaytirish va ish o‘rinlari yaratishga salmoqli hissa qo‘shayotganini taʼkidladi.

“TBC Bank Group”ning O‘zbekistondagi ijrochi direktori Nika Kurdiani O‘zbekistonda raqamli banklarning tashkil etilishi innovatsiyalar va moliyaviy ommaboplik uchun katta imkoniyatlar yaratayotganini, tartibga soluvchi muhitning yaxshilanishi, texnologiyalarning rivojlanishi va moliyaviy savodxonlikning oshishi O‘zbekistonda chakana bank xizmatlari sohasining rivojlanishiga turtki berayotganini bildirdi.

O‘zbekiston moliya bozorida ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Commerzbank”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ketevan Antidze taʼkidlaganidek, bank hozirda tijorat banklari va ularning mijozlari uchun akkreditivlar, eksportni moliyalashtirish va savdo bilan bog‘liq boshqa xizmatlarni taqdim etish orqali savdoni rivojlantirishda ishtirok etmoqda.

Tadbirda shuningdek, xorijiy ekspertlar bilan mamlakatda shakllanib borayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy muhit, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor vazifalari to‘g‘risida fikr almashildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102113 | Инструменты